NKMKning sof foydasi 2025-yilda rekord darajaga — $3,5 mlrdga yetdi
Daromad 46%ga oshdi, kompaniya qarz yuklamasini sezilarli kamaytirdi
Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) 2025-yil yakunlariga ko‘ra moliyaviy ko‘rsatkichlarini sezilarli yaxshiladi. Bu haqda korxona matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hisobot davrida oltin ishlab chiqarish hajmi 3,15 mln unsiyani tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 1,9%ga oshdi. Bu o‘sish qazib olish va rudani qayta ishlash hajmlarining kengayishi bilan izohlanadi.
Kompaniyaning umumiy daromadi $10,82 mlrdga yetib, 46,4%ga o‘sdi. Bunga qimmatbaho metallar narxining oshishi hamda realizatsiya hajmining ortishi asosiy omil bo‘ldi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish va aktivlarni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari 38,7%ga oshib, bir unsiya uchun $1358ni tashkil etdi.
NKMKning tuzatilgan EBITDA ko‘rsatkichi $6,95 mlrdga yetib, yil davomida 52,4%ga o‘sdi. Rentabellik darajasi esa 64,2%ga chiqdi.
Investitsiyalar hajmi $1 mlrddan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 11,5%ga ko‘paydi. Mablag‘lar asosan mavjud konlarni modernizatsiya qilish va geologik qidiruv loyihalariga yo‘naltirildi.
| Ko‘rsatkich | O‘lchov birligi | 2025 | 2024 | O‘zgarish |
|---|---|---|---|---|
| Oltin ishlab chiqarish | mln unsiya | 3,15 | 3,09 | +1,9% |
| Tushum (daromad) | mln dollar | 10 827 | 7 395 | +46,4% |
| Operatsion foyda | mln dollar | 6 205 | 3 928 | +58,0% |
| Yillik foyda | mln dollar | 3 502 | 2 137 | +63,9% |
| Umumiy pul xarajatlari (TCC) | dollar/unsiya | 1 092 | 828 | +31,9% |
| Umumiy xarajatlar (AISC) | dollar/unsiya | 1 358 | 979 | +38,7% |
| EBITDA (tuzatilgan) | mln dollar | 6 951 | 4 561 | +52,4% |
| EBITDA marjasi | % | 64,2 | 61,7 | +2,5 p.p. |
| Operatsion pul oqimi | mln dollar | 4 652 | 2 702 | +72,2% |
| Investitsiyaga sarflangan mablag‘ | mln dollar | 1 019 | 914 | +11,5% |
| Qarz yuklamasi (Net debt/EBITDA) | x | 0,3x | 0,5x | -40,0% |
Yakuniy sof foyda 63,9%ga oshib, $3,5 mlrdni tashkil etdi. Shu bilan birga, kompaniyaning qarz yuklamasi pasaydi: sof qarzning EBITDAga nisbati 0,5xdan 0,3xgacha kamaydi.
2025-yil oxiriga kelib, kompaniya qarzi asosan $500 mlnlik yevroobligatsiyalar (2025-yil may) hamda $1 mlrdlik obligatsiyalar (2024-yil oktyabr)dan iborat bo‘ldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ