Misrning Nile Sugar kompaniyasi Jizzaxda shakar zavodi qurishga $450 mln sarmoya kiritadi
Loyiha yiliga 200 ming tonna shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi
Misrning Nile Sugar kompaniyasi O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshiradi. Jizzax viloyatida barpo etiladigan majmua uchun $450 mln miqdorida investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Uzbekistan 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, loyiha to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladi va butun ishlab chiqarish zanjirini — qand lavlagini yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi. Zavod yiliga 200 ming tonnagacha shakar ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev loyiha ijrosini jadallashtirish va uni alohida nazoratga olish bo‘yicha topshiriq bergan.
Barcha hujjatlar rasmiylashtirilgan, yer maydonlari ajratilgan, investitsiyalar tayyor. Loyiha qisqa muddatda ishga tushirilishi lozim, — dedi vazir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nile Sugar kompaniyasining Jizzax bozoriga kirish rejalari ilk bor 2023-yil iyul oyida e’lon qilingan. Loyiha doirasida 52 ming gektarga yaqin maydonda qand lavlagi yetishtirish ko‘zda tutilgan. 2024-yilda G‘allaorol va Forish tumanlaridan 50 ming gektar yer ajratilib, zavod qurilishi uchun 170 gektar hudud belgilangan.
Shuningdek, 23-yanvar kuni Laziz Kudratov Nile Sugar bosh direktori Emad Farid bilan uchrashib, hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha yakuniy protokolni imzolagan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur loyiha O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarishni kengaytirish, importga qaramlikni kamaytirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ