Nasiya savdo berayotgan doʻkonlar tovarlarni kreditga beryapti — Markaziy bank
Regulyator buning uchun fintex startaplar rivojini qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy xatarlarni birgalikda boshqarishni rejalashtirmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekistonda nasiya savdo deyilayotgan doʻkonlar, aslida, tovarlarni kreditga bermoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 28-yanvar kuni Toshkent shahrida oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Timur Ishmetovning aytishicha, Markaziy bank oldiga moliyaviy texnologiyalar (fintex) yoʻnalishidagi startaplarni rivojlantirish vazifasi qoʻyilgan. Bu orqali koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlar turini kengaytirish koʻzlangan.
Fintex startaplari toʻgʻridan toʻgʻri ishlashimiz kerak boʻlgan yangi yoʻnalish hisoblanadi. Ayrim rivojlangan xorijiy davlatlar, masalan, Singapur va boshqa davlatlarda bu tajriba bor. Hozir fintex startaplar, aslida, banklar yoki boshqa moliyaviy tashkilotlar koʻrsatayotgan xizmatlarning biror turini amalga oshiryapti. Deylik, toʻlov xizmatlarini. Lekin klassik holatda toʻlovni doim bank amalga oshirgan. Hozirgi nasiya savdoda aslida odamlarga kredit berilyapti. Sekin-sekin, butun dunyodagi kabi fintexlar bankning biror-bir xizmatini oʻz zimmasiga olyapti. Shuning uchun biz bu jarayonga qarshi kurashmasdan, sohani rivojlantirish boʻyicha masʼul boʻlishimiz kerak, dedi Markaziy bank raisi.
Timur Ishmetov hozirgi sharoitda nasiya savdo kabi moliyaviy xizmatlar koʻrsatilgach, maʼlum xatarlar yuzaga kelishi mumkinligini taʼkidladi. Ularga imkoniyat yaratish bilan birga, fintex startaplarni rivojlantirish muhimligi bildirildi.
Markaziy bankning regulyativ va texnologik “qumdon”ini berib, ular koʻrsatayotgan xizmatlar turini kengaytirishimiz kerak. Lekin bu mahsulotlar aholiga toʻgʻri taqdim etilishini, moliyaviy sektorda uchrashi mumkin boʻlgan xatarlarni birga boshqarish yoʻlidan borish lozim. Menimcha, shu toʻgʻri yoʻl, dedi regulyator rahbari.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ