Narpayda ixtisoslashgan sanoat zonasi yaratish ortidan $500 mlnlik loyihalar boshlanadi

Umuman viloyatda $3 mlrd xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni $1,2 mlrdga olib chiqiladi

Narpayda ixtisoslashgan sanoat zonasi yaratish ortidan $500 mlnlik loyihalar boshlanadi

Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-mart kuni Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Samarqand ishsizlik, kambag‘allik, investitsiya, eksport masalalari, umuman, barcha sohada namunaviy viloyat bo‘lishi shartligi qayd etildi.

Viloyatda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun $100 mln, Urgut tumanining o‘ziga yana $50 mln ajratildi. Umuman, viloyatga barcha manbalar hisobidan 11 trln so‘m yo‘naltirilmoqda. Tadbirkorlarga kredit uchun yana 18 trln so‘m resurs berilmoqda.

Hajmi jihatidan bu miqdordagi mablag‘ har qachongidan ko‘ra ko‘proq ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bularning barchasi tumanlarda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, pirovardida viloyat iqtisodiyotini o‘stirishga xizmat qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yili sun‘iy intellekt infratuzilmasiga $100 mln, ushbu sohadagi startap loyihalari uchun yana $100 mln berildi. Bu katta hajmdagi ma‘lumotlarni tahlil qilish orqali hududlarni rivojlantirish bo‘yicha eng to‘g‘ri yechimlarni topish uchun yangi imkoniyat ekani ta‘kidlandi.

Shularni hisobga olib, tumanlarning sanoat, servis, qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlari, yer osti va yer usti zaxiralari, mehnat resursi, aholining biznes va kasbiy ko‘nikmasini sun‘iy intellekt yordamida tahlil qilish, mahallalarning imkoniyatlari asosida tumanni rivojlantirishning ichki modelini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Ushbu tahlillar asosida tuman hokimi, “mahalla yettiligi”, mahalla bankirlari resurslarni eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan va budjetga tushumni ko‘paytiradigan loyihalarga yo‘naltiradi.

Bu tizim 1-mayga qadar Narpay va Termiz tumanlarida boshlanib, butun respublika uchun namuna qilinadi.

Samarqand viloyati rahbariyati oldida kamida 9% li iqtisodiy o‘sish qilib, yalpi hududiy mahsulotni 144 trln so‘mdan oshirish, $3 mlrd xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni $1,2 mlrdga olib chiqish vazifasi turgani qayd etildi.

100 ming aholini doimiy ishli qilish, 31 ming oilani kambag‘allikdan chiqarib, viloyatni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Narpay tumanida 240 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ishsizlik 4,9% ni, kambag‘allik darajasi esa 5% ni tashkil qilmoqda. Narpay sanoat bo‘yicha viloyatda 9-o‘rinda, qishloq xo‘jaligi va servis sohasida 11-o‘rinda turadi.

Bu ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun Narpayga reja qilingan 150 mlrd so‘mga qo‘shimcha yana 100 mlrd so‘m beriladi. Kichik va o‘rta biznes uchun 360 mlrd so‘m resurs ajratiladi.

Bundan tashqari, magistral yo‘llarning 34 kilometri Narpaydan o‘tgani savdo va servisni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat ekani ta‘kidlandi. Lekin yo‘l bo‘ylarida 10−15 ta kichik servis shoxobchasidan boshqa odamlarni jalb qiladigan birorta joy yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Mirbozor chorrahasidan kuniga 60 ming transport o‘tadi. Lekin bu yerdagi yo‘l tor bo‘lgani uchun 2 kilometrgacha tirbandlik yuzaga kelmoqda.

Qurilish uchun xomashyo zaxiralarining to‘rtdan biri Narpayda joylashgan bo‘lsa-da, qurilish materiali bo‘yicha birorta yirik korxona yo‘qligi qayd etildi.

Tuman sanoatining viloyatdagi ulushi 2%. Hududidan 36 kilometr temir yo‘l o‘tgan, 21 gektarli kichik sanoat zonalari bo‘lgan tumanga bu ko‘rsatkichlar yarashmasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Samarqanddagi suvli yerlarning qariyb 10%i ushbu tumanga to‘g‘ri keladi. Biroq Narpay viloyatdagi qishloq xo‘jaligining 5% ini ham bermaydi. Tuman mutasaddilariga shu va boshqa muammoli masalalarni hal qilish yo‘llari ko‘rsatib berildi.

Narpay tumanida 100 gektarda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil qilinishi e‘lon qilindi. U yerda joriy yilning o‘zida $500 mlnlik loyihalar boshlanadi.

Mutasaddilarga sun‘iy intellekt yordamida har bir mahalla imkoniyatini “diagnostika” qilish, “o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, tumanni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, daromadni ko‘paytirish bo‘yicha Narpay tajribasini yaratish topshirildi.

Shuningdek, Narpay qulupnaychilik maktabi tashkil etilib, tumandagi 25 ta mahalla qulupnaychilikka ixtisoslashtiriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda yana 4 ta ko‘chada BRT ajratilgan yo‘laklari joriy etiladi
/
Toshkentda yana 4 ta ko‘chada BRT ajratilgan yo‘laklari joriy etiladi
Temuning O‘zbekistonga qaytishi uchun 46 mlrd so‘m qarzni to‘lash sharti qo‘yildi
/
Temuning O‘zbekistonga qaytishi uchun 46 mlrd so‘m qarzni to‘lash sharti qo‘yildi
Chet eldan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 22% ga oshdi
/
Chet eldan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 22% ga oshdi