Namangan viloyatiga $5 mlrd xorijiy investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda
Eksportni $1,2 mlrdga yetkazish va ayrim hududlarda ishsizlikni to‘liq bartaraf etish ko‘zda tutilgan
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari bilan tanishib, 2026-yil uchun ustuvor vazifalarni belgiladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi sakkiz yilda hududda 40 mingdan ortiq yangi korxona ishga tushirilib, ishlab chiqarish hajmi 6 barobarga oshgan va 40 trln so‘mga yetgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, hududiy yalpi mahsulot 85,4 trln so‘mni tashkil etib, 8,2%ga o‘sgan. Shu davrda viloyatga $3,3 mlrd xorijiy investitsiya jalb etilgan, eksport hajmi esa $916 mlnni tashkil qilgan.
2026-yilda iqtisodiy o‘sishni 9,2%ga, sanoatni 9%ga va xizmatlar sohasini 16,3%ga oshirish maqsad qilingan. Xorijiy investitsiyalar hajmini $5 mlrdga, eksportni esa $1,2 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ishsizlik darajasini 3,5%ga, kambag‘allikni 2,5%ga tushirish hamda ayrim hududlarni bu muammolardan to‘liq xoli qilish ko‘zda tutilgan.
Rejalarga ko‘ra, hudud salohiyatini tahlil qilishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalaniladi. Qishloq xo‘jaligida 2,5 ming gektar intensiv bog‘lar barpo etilib, yana 8 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtiriladi.
“Sobzazor” sanoat zonasida $547 mlnlik 15 ta loyiha amalga oshiriladi. Ularni energiya bilan ta’minlash uchun yangi podstansiya quriladi.
Namangan shahrida $20 mln evaziga IT-park binosi barpo etilib, xalqaro kompaniyalar va startaplar jalb qilinadi. Davlatobod tumani esa yagona raqamli platformaga asoslangan “aqlli shahar”ga aylantiriladi.
Yirik loyihalar qatorida Chust tumanida 60 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi va $50 mlnlik parrandachilik majmuasi qurilishi ham bor. Ushbu majmua yiliga 813 mln dona tuxum ishlab chiqarib, $42 mlnlik eksportni ta’minlashi kutilmoqda.
Turizm sohasida Arashan ko‘llari, Qamchiq dovoni va Nanay hududlarida yangi majmualar barpo etiladi. Shuningdek, Namangan shahridagi “Chorsu” va “Sardoba” bozorlari rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ekobozorlarga aylantiriladi.
Infratuzilma loyihalari doirasida Uchkurgan va Uychi tumanlarida kanalizatsiya tizimi yangilanadi. Ijtimoiy yo‘nalishda esa 15 ming o‘rinli bolalar bog‘chalari qurilib, onkologiya markazi zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ