2026-yildan O‘zbekistonda minimal ish haqini belgilashda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ham qatnashadi

Shuningdek, 2030-yilga mo‘ljallangan “Munosib mehnat” dasturi ishlab chiqilmoqda

2026-yildan O‘zbekistonda minimal ish haqini belgilashda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ham qatnashadi

O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ishtirokida belgilanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni kasaba uyushmalari faxriylari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti barqaror o‘sib bormoqda va aholi turmush farovonligini shunga mos ravishda oshirish uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ham har yili ko‘paytirib borilmoqda (1-avgust holatiga ko‘ra, 1 mln 271 ming so‘m). Lekin bu masalalar ko‘pincha bir tomonlama, ya’ni, davlat idoralarining hisob-kitobi va taklifi bilan hal qilinmoqda.

Shu bois, prezident kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasini — Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasini ham jalb qilishni taklif qildi.

Bu qadam, Mirziyoyevning fikricha, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘ladi.

Inson qadri, uning hayot sifati faqat ish haqi bilan emas, balki ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi. Buning uchun xodimlarni uy-joy, sifatli ta’lim, tibbiyot va transport xizmatlari bilan kafolatli ta’minlab, eng muhim hayotiy ehtiyojlariga yetadigan daromad topishiga sharoit yaratib berishimiz zarur, — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilmoqda. Bu mehnat sohasida inson qadrini oshirish, barcha fuqarolar uchun adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishdan iborat.

Shu bois, Kasaba uyushmalari, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi dasturda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sug‘urta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida e’tibor qaratishi zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan sharoitda mehnat munosabatlari ham shunga mos ravishda yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Ishlab chiqilayotgan “Munosib mehnat” dasturi jadal o‘sib borayotgan iqtisodiyotni ijtimoiy adolat bilan uyg‘unlashtiradigan strategik “yo‘l xaritasi” bo‘lishi aytildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank sentabr oyida 8 ta bankka nisbatan jarima qo‘lladi
/
Markaziy bank sentabr oyida 8 ta bankka nisbatan jarima qo‘lladi
Rossiya 2025-yilda O‘zbekistonga gaz eskportini ko‘paytiradi
/
Rossiya 2025-yilda O‘zbekistonga gaz eskportini ko‘paytiradi
O‘zbekistonlik Kamila Mahmudova RBI bankining moliyaviy direktori etib tayinlandi
/
O‘zbekistonlik Kamila Mahmudova RBI bankining moliyaviy direktori etib tayinlandi