Mototransport vositalari va tirkamalarga RO‘DRB to‘lovi kamaytirildi
Shuningdek, bir qator xizmatlar uchun to‘lovlarning undirilishi bekor qilindi
Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir dona ro‘yxatdan o‘tkazilishi va ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgisi (RO‘DRB) o‘rniga yangi RO‘DRB berish uchun BHMning 1,5 baravari miqdorida to‘lov stavkasi belgilandi. Bu haqida Adliya vazirligi xabar qildi.
Ilgari bunday xizmat uchun to‘lov stavkasi BHMning 1,75 baravari edi.
Mototransport vositalari (motosikl, elektromotosikl, moped va skuterlar) va tirkamalarga (yarim tirkamalar) RO‘DRB uchun BHMning 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi (ilgari 1,75 baravari edi).
Yo‘qotilgan bir dona RO‘DRB o‘rniga yangisini berish uchun ayni shu stavka — BHMning 1,5 baravari belgilandi (ilgari 1,75 baravari edi).
Elektromobillar (gibrid avtomobillar), mototransport vositalari va tirkamalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHMning 1,5 baravari miqdorida to‘lov belgilangan. Bunday transportlardan boshqa barcha avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHMning 6,84 baravari miqdori undiriladi.
Avtotransport vositalari, elektromobillar, mototransport vositalari va tirkamalarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHMning 10% miqdorida to‘lov undiriladi.
Shuningdek, bir qator xizmatlar uchun to‘lovlarning undirilishi bekor qilindi. Xususan:
- yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki o‘g‘irlangan avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma dublikatini berish uchun BHMning 70% miqdoridagi to‘lov;
- yo‘qotilgan mototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma dublikatini berish uchun BHMning 1 baravari miqdoridagi to‘lov;
- yo‘qotilgan avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida vaqtinchalik guvohnoma dublikatini berish uchun belgilangan to‘lov stavkasining 5 baravari miqdoridagi to‘lovlar yangilangan qonunchilikka ko’ra amalga oshirilmaydi.
Avvalroq, “Kapital.uz” O’zbekistonda elektromobillarni ro’yxatdan o’tkazish uchun to’lov oddiy avtomobilga qaraganda 5 baravar arzonlashgani haqida yozgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ