Murod Nazarov daraxtlar kesilishiga qarshi moratoriyni olib tashlashni taklif qildi

Uning ta’kidlashicha, uning o‘rniga oldindan daraxt ekish yo‘li bilan majburiy kompensatsiya mexanizmi — “daraxtlar banki”ni joriy etish kerak

Murod Nazarov daraxtlar kesilishiga qarshi moratoriyni olib tashlashni taklif qildi

Qariyb yetti oy avval qabul qilingan Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 17-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tadbirkor, Murad Buildings qurilish kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov ma’lum qildi.

Mana, Xudo xohlasa, kutyapmiz. Toshkent shahrining bosh rejasiga korreksiya kiritilyapti. Xudo xohlasa, yaqinda chiqib qoladi. Va bosh rejaga ko‘ra, Toshkent shahrini oladigan bo‘lsak, qurilishlar bundan buyon asosan yo renovatsiya, yo rekonstruksiya hududlarida bo‘ladi, — deydi u.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, daraxtlarni kesishga moratoriy qo‘yilgan bo‘lsa-da, qurilish ishlari davomida uskunalar ko‘pincha daraxtlarga zarar yetkazadi.

Murod Nazarov cheklovlar “qaytanga korrupsiyani kuchaytirishini” ta’kidlab, uning o‘rniga oldindan daraxt ekish yo‘li bilan majburiy kompensatsiya mexanizmi — “daraxtlar banki”ni joriy etishni taklif qildi. Qurilish kompaniyalari ham, uchinchi shaxslar ham undan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

U kelgusi yillarda qancha qurilish bo‘lishi, qancha daraxt kesilishi mumkinligini oldindan bilishlarini aytib, shunday taklif berdi: rayon chegarasida oldindan daraxt ekib qo‘yish kerak, shunda ertaga daraxt kesishga to‘g‘ri kelsa, ular zarur diametr va ko‘rsatkichlarga ega bo‘ladi. Katta diametrli daraxt o‘rniga nechta kichik diametrli daraxt to‘g‘ri kelishini aniqlab, ularni hokimiyat balansiga o‘tkazib borish mumkin.

Murod Nazarov taxminiy tartibni taklif qildi: kompensatsiya to‘lashda daraxt tanasining o‘lchamini hisobga olish kerak: “Masalan-da, 40 diametrli, santimetrli daraxtni kesyapti. O‘sha reglamentda yozilgan: 40 diametrli bo‘lishi uchun 20 yoki 15 diametrli daraxtdan 10 ta bo‘lishi kerak”.

Tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha, ayrim hollarda qurilish kompaniyalari diametri bo‘yicha hatto uch-to‘rt barobar ko‘proq daraxt ekishga ham tayyor.

Bunday tizim boshqa kompaniyalarni ham rag‘batlantirishi mumkin, dedi Murad Buildings asoschisi:

Mana bu yerda, mana, Murad Buildings, masalan, 1 mingta daraxt ekib qo‘ydi. Miroboddagi o‘sha 1 mingta daraxt tufayli, u, masalan, 50 ta daraxtni boshqa joyda kesish huquqiga ega bo‘ladi, minus-minus qilib ketaveradi. Hatto bu yerda zo‘r tarafi, boshqa uchinchi shaxslarni ham motivatsiya qilamizki, ular oldindan ekib qo‘yadi. Kerak bo‘lsa, boshqa quruvchiga sotsin keyin o‘sha limitini. Hamma daraxt ekishga tushib ketadi, joy qidirib, — deydi u.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, buni uchinchi shaxslar o‘z zimmasiga olsa ham yaxshi. Qurilish kompaniyasi o‘zi ko‘chat ekmasa, shu uchinchi shaxslardan “limit” sotib oladi. Shunda daraxt ekish investitsiya bo‘lib qoladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov daraxtlarni kesishni qonuniylashtirishga urinishlarga qarshi chiqdi.

Moratoriy muhokama mavzusi emas. Developer daraxt kesishni qonuniylashtirish kerak, deyapti. Ekologlar esa developerlar uylarini shahardan tashqarida qursin, deyapti. Nima haqiqat ekanligini belgilovchi — bu jamoatchilik. Bugun odamlar shahar markazida qurilishlar emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori, — deya ta’kidladi u.

Bekmurodov, shuningdek, kesilgan daraxtlar o‘rniga yangi daraxtlar ekish haqidagi bahslarni ham tanqid qildi.

Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7−10 yil vaqt kerak. Taklif berayotgan developer shuncha yil oldin daraxt ekib, bog‘ yaratdimi?, — deb so‘radi deputat.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti sakkiz yilda $115 mlrdga yetdi — Prezident
/
O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti sakkiz yilda $115 mlrdga yetdi — Prezident
Endilikda Uzbekistan Airways qaytish chiptasini avtomatik bekor qilmaydi
/
Endilikda Uzbekistan Airways qaytish chiptasini avtomatik bekor qilmaydi
O‘zbekistonda tengadan tashqari barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi
/
O‘zbekistonda tengadan tashqari barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi