Janubiy Koreyaning “Mom’s Touch” tarmog‘i O‘zbekistonda restoran ochadi
Koreys brendining birinchi restorani 2025-yilda Toshkentda ochiladi, keyinchalik tarmoq butun mamlakatni qamrab olishi kutilmoqda

Foto: Ko Dong-hwan
Janubiy Koreyaning “Mom’s Touch” fastfud franchayzing kompaniyasi O‘zbekistonda o‘zining ilk restoranini ochadi, deya xabar bermoqda The Korea Times.
“Mom’s Touch” bosh direktori Kim Don Chjon va oziq-ovqat hamda ichimliklar ishlab chiqaruvchi “One Food” kompaniyasi rahbari Zafar Xo‘jayev brendni Toshkentda boshqarish huquqini nazarda tutuvchi franchayzing shartnomasini imzoladi.
Shartnoma doirasida “One Food” 2025-yilda Toshkentda birinchi “Mom’s Touch” restoranini ochadi. Keyinchalik mamlakat bo‘ylab bunday restoranlar sonini 60 tagacha ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Janubiy Koreyaning “Mom’s Touch” fastfud tarmog‘i asosan qovurilgan tovuq va burgerlarga ixtisoslashgan. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ushbu franchayzing shartnomasi Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan Qozog‘iston va Qirg‘iziston, shuningdek Rossiya va Yaqin Sharq bozorlariga kengayishning boshlanishi hisoblanadi.
Bizning kelishuvimiz — Koreya tezkor ovqatlanish kompaniyasi birinchi marta Markaziy Osiyo mamlakatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaruv emas, balki master-franshiza orqali faoliyat boshlayotgan holatdir, — dedi “Mom’s Touch” vakili.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ