Mobil to‘lov ilovalarida onlayn firibgarlikka qarshi talablar kuchaytiriladi
Xususan, bir martalik SMS-kod uch marotaba noto‘g‘ri kiritilsa, mobil ilovada harakat 15 daqiqaga vaqtincha cheklanadi
Фото: iStock.com
O‘zbekistonda mobil ilovalar orqali amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalarda onlayn firibgarlikka qarshi talablar kuchaytirilmoqda. Yangi qoidalarga ko‘ra, Click, Paynet, Apelsin kabi to‘lov ilovalarida foydalanuvchilar xavfsizligini oshirishga qaratilgan bir qator cheklov va majburiyatlar joriy etiladi.
Endilikda mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi akkauntiga faqat o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvaraqlari, bank kartalari va elektron hamyonlarni biriktirish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, P2P — ya’ni bir jismoniy shaxsdan boshqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalari faqat shu talablar asosida amalga oshiriladi.
Ilovalarda ro‘yxatdan o‘tishda foydalanuvchining telefon raqami va JSHSHIR mosligi majburiy tekshiriladi. Agar moslik aniqlanmasa, akkaunt yaratish va bank kartasini biriktirishga ruxsat berilmaydi.
Bundan tashqari, kredit va to‘lov tashkilotlari biometrik identifikatsiya jarayonida hayotiylik (liveness) faktorlarini aniqlashi shart bo‘ladi. Ya’ni, shaxsni faqat rasm orqali tasdiqlash qat’iyan taqiqlanadi.
Xavfsizlik choralaridan yana biri — SMS-kodlar bilan bog‘liq. Telefonga yuborilgan bir martalik SMS-kod uch marotaba noto‘g‘ri kiritilsa, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqaga vaqtincha cheklanadi. Agar akkauntga boshqa qurilmadan kirilsa yoki parol qayta tiklansa, akkauntga ulangan barcha bank kartalari avtomatik tarzda ilovadan chiqarib yuboriladi.
Shu bilan birga, ushbu qurilmada kartalar bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar tarixi ham o‘chiriladi. Bank kartalarini qayta biriktirish esa faqat biometrik identifikatsiyadan o‘tilgandan keyingina amalga oshiriladi.
Mazkur choralar onlayn firibgarlik holatlarini kamaytirish, fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash va to‘lov tizimlarida ishonchni oshirishga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ