“Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasi tashkil qilinadi
Shuningdek, Davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari o‘rtasida Investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilishi mumkin
Foto: Prezident matbuot xizmati
6-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidentining rasmiy qarorgohi – Vashington shahridagi Oq uyda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etdi.
Prezident Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Davlat rahbari AQSH yetakchisiga asos solinganidan buyon o‘tgan 10 yilda mintaqaviy savdo, transport va energetika aloqalarini rivojlantirishning samarali mexanizmiga aylangan “C5+1” formatidagi sammit tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu sammit Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi strategik muloqotni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
“C5+1” formati doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida davlatimiz rahbari qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, ishtirokchi mamlakatlarda navbati bilan joylashtiriladigan doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta’sis etish taklif qilindi.
Davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari o‘rtasida tizimli muloqotni ta’minlash maqsadida vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasini ishga tushirish dolzarb ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishda AQSH bilan faol ishlashga tayyorligini bildirdi.
Muhim minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash borasidagi sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish uchun Maxsus qo‘mitani tuzish taklif qilindi.
Mintaqa qishloq xo‘jaligini Amerika texnologiyalarini joriy etgan holda modernizatsiya qilish maqsadida Mintaqaviy agrotexnologik innovatsiyalar sherikligini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Prezidenti AQSHning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma ko‘rgazmalarni tashkil etish taklifi bilan chiqdi.
Davlat rahbari navbatdagi sammitni Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qildi.

Sammit yakunida ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilindi. Kapital.uz avvalroq prezident Mirziyoyev va AQSh savdo vaziri Xovard Latnik ishtirokidagi davra suhbati yakunlari bo‘yicha bir qator shartnomalar tuzilgani haqida xabar bergandi.
Xususan, quyidagi hujjatlar imzolandi:
- Geologiya vazirligi va Denali Exploration group kompaniyasi o‘rtasida nodir yer elementlarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda Re Element Technologies kompaniyasi o‘rtasida nodir metallar sohasida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Flowserve kompaniyasi o‘rtasida nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Valmont Industries Inc kompaniyasi o‘rtasida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida bitim;
- Raqamli texnologiyalar vazirligi va Palo Alto Networks kompaniyasi o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida bitim;
- Uzbekistan Airways va Boeing kompaniyalari o‘rtasida Boeing 787−9 Dreamliner samolyotlariga qat’iy buyurtmani 14 tadan 22 tagacha oshirish bo‘yicha shartnoma;
- Datacrop (O‘zbekiston) va Luis Dreyfus Company (AQSh) kompaniyalari o‘rtasida soya dukkaklari va shrot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma;
- “O‘zsanoateksport” va “Cargill” kompaniyasi o‘rtasida paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnoma.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ