O‘zbekistonda MNP xizmatidan qanday foydalanish mumkin
Qadamma-qadam ko’rsatmalar va tizimning qulayliklari
Фото: Shutterstock / FOTODOM
O‘zbekistonda 2023 yil 27-oktyabrdan boshlab MNP (Mobile Number Portability) xizmati joriy etildi. Bu xizmat abonentlarga o‘z telefon raqamini (operator kodi va eSIM ham kiritilgan) saqlab qolgan holda bir mobil aloqa operatoridan boshqasiga o‘tish imkoniyatini beradi. Quyidagi qadamma-qadam ko‘rsatmaga amal qiling:
- O‘tish shartlarini tekshiring
O‘tishni boshlashdan oldin quyidagilarga ishonch hosil qiling:
- Raqamingiz shaxsan o‘zingizga (pasport ma’lumotlaringizga) ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak;
- Joriy operator oldida qarzdorlik mavjud bo‘lmasligi lozim;
- Sizda MNP xizmatiga mos keluvchi SIM-karta yoki eSIM bo‘lishi kerak.
- Yangi operator va tarifni tanlang
Yangi operatorning tarif rejalarini ularning veb-sayti, mobil ilovasi yoki sotuv ofislari orqali o‘rganing va tanlangan tarif sizga mos kelishiga ishonch hosil qiling.
- Yangi operatorning ofisiga tashrif buyuring
Ariza berish uchun yangi operatorning ofisiga shaxsan boring. O‘zingiz bilan pasport yoki ID-karta, o‘tkazmoqchi bo‘lgan telefon raqamingiz olib boring.
- Raqamni o‘tkazish uchun ariza topshiring
- Ofisda raqamni o‘tkazish bo‘yicha ariza yozing;
- O‘tishni istagan tarif rejasini ko‘rsating;
- MNP xizmatiga roziligingizni tasdiqlang.
- Jarayon yakunlanishini kuting
- Raqamni o‘tkazish jarayoni odatda 1-3 ish kunini oladi;
- Joriy va yangi operator tomonidan o‘tish sanasi va vaqti haqida xabarnoma (SMS yoki qo‘ng‘iroq) olasiz.
- SIM-karta yoki eSIM-ni sozlang
- Agar siz eSIM’dan foydalansangiz, yangi operator eSIM-aktivatsiya uchun QR-kod taqdim etadi;
- Agar siz jismoniy SIM-kartani ishlatsangiz, mobil raqami ko‘chirilgan yangi sim karta beriladi.
- Yangi operator xizmatiga ulanish
Ko‘rsatilgan sana va vaqtda raqamingiz yangi operatorda faollashtiriladi. Shundan keyin yangi operator xizmatlaridan foydalanishni boshlashingiz mumkin.
Agar sizda qandaydir muammolar yuzaga kelsa, yangi operatorning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling yoki eng yaqin ofisga tashrif buyuring.
Tizimning qulayliklari
Ushbu xizmatning ishga tushirilishi mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan mobil aloqa operatorlari o‘rtasida sog‘lom, ijobiy raqobatni yanada kuchaytirish bilan birga ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga yordam bermoqda.
Uning qulayligi shundaki, abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin.
Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga ko‘chganda o‘z abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi. Bu raqam yo‘qotilishining oldini oladi hamda aloqa operatorlari tomonidan raqam resurslaridan yanada oqilona foydalanilishiga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ