O‘zbekistonning birinchi “Mirzo Ulugʻbek” sun’iy yo‘ldoshi 2028-yilda koinotga uchirilishi mumkin

Sun'iy yo'ldosh dastlab qisqa muddatga – 10-14 kunlik parvozga tayyorlanadi

O‘zbekistonning birinchi “Mirzo Ulugʻbek” sun’iy yo‘ldoshi 2028-yilda koinotga uchirilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatda kosmik maʼlumotlardan foydalanish boshlanganiga koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa-da, qisqa vaqt ichida sezilarli amaliy natijalarga erishildi. Davlat kosmik monitoringi ishga tushirilib, ushbu tizim proaktiv ravishda ishlamoqda.

Shu bilan birga, soʻnggi besh yilda masofadan zondlash maʼlumotlariga talab 3 karra oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha hokimliklar ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim – sunʼiy yoʻldoshlarni boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda foydalanish infratuzilmasini shakllantirish muhim ekani qayd etildi. Bundan maqsad mamlakatimiz suveren va obyektiv maʼlumotlar manbaiga ega boʻlishidir.

Hozirgacha xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilib, boʻlajak sunʼiy yoʻldoshning aniqligi va foydali yuklamasiga doir texnik talablar aniqlandi.

Taqdimotda ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yoʻldoshni yaratish loyihasi ham koʻrib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda “Mirzo Ulugʻbek” nomli 6U formatdagi ilmiy sunʼiy yoʻldoshni uchirish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangan.

Bu shunchaki ramziy qadam emas, balki mamlakatimiz ilmiy salohiyati, yoshlarimiz orzusi va milliy gʻururimiz ifodasi boʻladi, – dedi Prezident.

Milliy fazogirni qisqa muddatga – 10-14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish boʻyicha xalqaro hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.

Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bogʻlangan boʻlishi zarurligi qayd etildi.

Oʻzbekiston kosmonavti fazoda boʻlishi doirasida olib borilishi mumkin boʻlgan tadqiqotlar yoʻnalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qoʻyish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini oʻrganish), oʻsimliklar genetikasi (qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni toʻplash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan oʻtkazish) taklif qilindi.

2028-yilda Samarqand shahrida kosmos boʻyicha xalqaro kongress oʻtkazish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Unda AQSh, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishga qiziqish bildirgan.

Masʼullarga ushbu xalqaro tadbirga yuksak saviyada tayyorgarlik koʻrish topshirildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Prezident “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi
/
Prezident “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi
O‘zbekistonda 327 mingdan ortiq MChJ faoliyat yuritmoqda
/
O‘zbekistonda 327 mingdan ortiq MChJ faoliyat yuritmoqda
Toshkent viloyatida $60 mlnlik yuqori kuchlanishli kabel ishlab chiqarish zavodi barpo etilmoqda
/
Toshkent viloyatida $60 mlnlik yuqori kuchlanishli kabel ishlab chiqarish zavodi barpo etilmoqda