Shahrisabzda turizm klasteri uchun $400 mlnlik 117 loyiha amalga oshirilmoqda
“Miraki” xalqaro turistik markazida 10 kilometrlik ekoyo‘lak qurish taklif qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan Hisor tog‘i yonbag‘ridagi turizm salohiyatining rivojlanishi bilan tanishdi.
Turizmni rivojlantirish, davlat rahbarining ta’kidlashicha, yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi daromadining oshishiga xizmat qilmoqda va nisbatan kichik investitsiyalar bilan hududlarni o‘zgartirmoqda. Shu nuqtai nazardan Qashqadaryoning tog‘ etaklari sohaning asosiy yuksalish nuqtalaridan biri hisoblanadi.
Davlat rahbarining 2023-yil 28-noyabrdagi qarori doirasida viloyatning tog‘li hududlarida zamonaviy turizm infratuzilmasini yaratish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xorijiy ekspert va investorlarni jalb qilgan holda Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalarida 240 gektar maydonda qiymati $400 mlnlik 117 loyiha amalga oshirilmoqda. Ular 1,7 mingga yaqin kishini doimiy ish bilan ta’minlashi kutilmoqda.
Miraki mahallasida to‘liq turistik klaster — “Miraki” xalqaro turistik markazi tashkil etilmoqda. Prezident obodonlashtirilgan hudud va yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Oqsuv daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab piyoda va velosipedda sayohat qilish uchun 10 kilometrlik ekoyo‘lak, istirohat bog‘i, bolalar maydonchasi, oilaviy mehmon uylari, savdo shoxobchalari tashkil etildi.
Miraki Spa and Resort kurortida ikkita mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar markaz, 600 o‘rinli mehmonxona va 300 o‘rinli yotoqxona mavjud. Markazning salohiyati yiliga 300 ming nafargacha sayyohni qabul qilish imkonini beradi.
Mirakida yo‘llar qurilib, modernizatsiya qilindi, kommunal tarmoqlar o‘rnatildi, elektr ta’minoti yaxshilandi. Hisorak suv ombori hududida uzunligi 2 km dan ortiq kanat yo‘li va dengiz sathidan 2,7 ming metr balandlikda restoran qurildi.
Shahrisabzning ustun tarafi — yil davomida sayohatga kelish mumkin. Buning uchun yo‘l, kommunikatsiya, mehmonxonalar quryapmiz. Endi xizmat turlarini ko‘paytirishni o‘ylash kerak. Masalan, Mirakiga kelgan mehmon vaqtini qanday o‘tkazadi, nimalar xarid qiladi? Shu talablardan kelib chiqib, xizmatlar taklif qilish, bu yerning tabiati va sharoitini chet ellarda keng targ‘ib etish kerak, — ta’kidladi prezident.
2024-yilda Qashqadaryo viloyatiga 2,5 mlndan ortiq sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, shundan yarim millionga yaqini Shahrisabz tumaniga tashrif buyurgan. Keng ko‘lamli o‘zgarishlar hisobga olinsa, bu ko‘rsatkich sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ