“Mening bog‘im” dasturi doirasidagi loyihalarga 400 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi
Shuningdek, deputatlarga o‘z hududida bog‘ yaratish uchun 412 mln so‘mdan beriladi
O‘zbekistonda “Mening bog‘im” dasturi doirasida ajratiladigan mablag‘ miqdori oshirilishi belgilandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish tadbirida ma’lum qildi.
Ilgari “Mening bog‘im” dasturi doirasida har bir loyihaga budjetdan 250 mln so‘mgacha mablag‘ berilgan bo‘lsa, endi bu miqdor 400 mln so‘mdan oshiriladi. Har bir yashil bog‘ va jamoat parki uchun aholi o‘zi tanlagan, yashash hududlariga yaqin, eng muhimi, suv ta’minoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi.
Bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham o‘z okrugida yashil hudud, yashil bog‘ yaratishi uchun 412 mln so‘mdan mablag‘ beriladi.
O‘tgan hafta Prezidentimiz imzolagan yangi farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030-yilga qadar umumiy yashillik darajasini 30% ga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish bo‘yicha katta marra olindi.
Buning uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpog‘istonda 1 mln gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar cho‘l hududida yangi o‘rmonzorlar yaratiladi.
Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bog‘lari, 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari tashkil qilishga mas’ul bo‘ladi.
Bundan tashqari, har bir hududda “yashil” texnikumlarning faoliyati yo‘lga qo‘yilib, dual ta’lim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash boshlanadi. Botanika va dendrologiya bog‘lari ushbu texnikum o‘quvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlari uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ