Markaziy bankning mamlakatdagi vazifalari kengaytirildi

Xususan, regulyator endilikda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish uchun mas’ul bo‘ladi

Markaziy bankning mamlakatdagi vazifalari kengaytirildi

O‘zbekiston Markaziy banki moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish uchun mas’ul tashkilot etib belgilandi. Bu 27-noyabrda qabul qilingan prezident qarorida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, Markaziy bank innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va asosiy makroiqtisodiy ustuvorliklar — bank tizimi barqarorligi, to‘lov tizimlarining uzluksiz ishlashi va narxlar barqarorligi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash uchun javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, regulyatorga moliya sektoridagi texnologik o‘zgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri bo‘lish va bozorning barcha ishtirokchilari uchun samarali raqobat muhitini shakllantirishga hissa qo‘shish vazifasi yuklatildi.

Moliyaviy texnologiya yechimlarini joriy etishda tartibga solish choralarini qo‘llashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar texnologik innovatsiyalarni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni saqlab qolgan holda, ular tufayli yuzaga keladigan xavflarni kamaytirishga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, Markaziy bank to‘liq va ishonchli ma’lumotlar asosida qarorlar qabul qiladi, moliyaviy texnologiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatishda fuqarolarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi va fintex ekotizimida faoliyat yuritayotgan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Regulyator innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda bank tizimi, to‘lov tizimlari va narxlar barqarorligi sohasidagi ustuvor vazifalar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashi belgilandi. Markaziy bank moliya sektorida innovatsiyalarning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi va bozor ishtirokchilari uchun raqobat muhitini shakllantirishga mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, Markaziy bank moliyaviy texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirish, fintex xizmatlarini ko‘rsatishda fuqarolarning huquqlarini kafolatlash va startaplarni qo‘llab-quvvatlash sohasida tartibga solish vakolatlariga ega bo‘ladi.

Bu vazifalarni “Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunga ham kiritish ko‘zda tutilgan. Hujjat bilan, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov rahbarligida Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etilmoqda.

markazий bank, fintex

Komissiya vazifalariga, jumladan, quyidagilar kiradi:

  • moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlarni belgilash;
  • sohadagi muammolarni muhokama qilish va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • moliyaviy texnologiyalar sohasida davlat organlari, moliyaviy tashkilotlar va xususiy sektorning faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • moliyaviy texnologiyalar sohasida Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni”da muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan moliyaviy xizmatlarni keng joriy etish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
  • moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni, shu jumladan, tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarining tariflarini o‘rganish va ularni optimallashtirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish.

Regulyatorga xorijiy maslahatchilarni jalb qilgan holda 2026−2030-yillarda fintex sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Markaziy bank, shuningdek, tokenlashtirilgan aksiyalar va obligatsiyalar chiqarilishi va muomalasini joriy etish, jumladan, tegishli tartibni qabul qilish va axborot tizimining kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligini ekspertizadan o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

Aprel oyiga qadar Markaziy bankning raqamli valyutasidan to‘lov vositasi sifatida foydalanish bo‘yicha tajriba loyihasining “yo‘l xaritasi” tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Fevral oyiga qadar to‘lov vositasi sifatida tokenlarning barqaror aylanishini maxsus huquqiy tartibga solishni joriy etish topshirildi.

Aprel oyiga qadar Markaziy bank faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha IT strategiya ham tayyorlanishi ko‘zda tutilgan. May oyiga qadar “tartibga solish qumdoni” talablarini soddalashtirish, shuningdek, startaplar va texnologiya kompaniyalari tomonidan innovatsiyalarni joriy etish uchun texnologik va tematik “qumdonlar” yaratish mo‘ljallanmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Hyundai Rotem” poyezdlarida birinchi qatnov 2026-yilning mart oyida yo‘lga qo‘yiladi
/
“Hyundai Rotem” poyezdlarida birinchi qatnov 2026-yilning mart oyida yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Markaziy banki raisi AFI direktorlar kengashi raisining o‘rinbosari etib saylandi
/
O‘zbekiston Markaziy banki raisi AFI direktorlar kengashi raisining o‘rinbosari etib saylandi
“G‘ishtko‘prik” chegara posti 2026-yilning yozida ochilishi rejalashtirilmoqda
/
“G‘ishtko‘prik” chegara posti 2026-yilning yozida ochilishi rejalashtirilmoqda