Markaziy bank 2027-yilgacha inflyatsiyani 5% gacha tushirishni rejalashtirmoqda
Bu tashqi bosimlarning kamayishi, energiya ta’minoti barqarorlashuvi va iqtisodiy faollik hisobiga amalga oshiriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bankning bazaviy ssenariysiga ko‘ra, 2027-yildan boshlab inflyatsiya 5% lik target darajasiga yetishi va shu ko‘rsatkichda barqarorlashtirilishi kutilmoqda. Bu haqda regulyator 23-oktabr kuni o’tkazilgan media-muloqotda ma’lum qildi.
Bu natija tashqi bosimlarning kamayishi, energiya ta’minoti barqarorlashuvi va iqtisodiy faollikdagi ijobiy tendensiyalar hisobiga erishiladi.
Asosiy ssenariyda davlat sektorining iqtisodiyotdagi ulushi bosqichma-bosqich qisqarib, xususiylashtirish jarayonlari davom etadi. Shu bilan birga, xususiy va xorijiy investitsiyalar hajmi o‘sib boradi, kreditlash sur’atlari muvozanatlashadi. Bunda iqlimiy o‘zgarishlar va keskin tashqi shoklarning yuzaga kelmasligi muhim omil sifatida baholangan.
Markaziy bank bu yil prognozlarni yangi yondashuv asosida shakllantirdi — ya’ni, har bir ehtimoliy xatar uchun alohida ssenariy ishlab chiqildi. Xatarlar talab va taklif, ichki va tashqi omillar bo‘yicha to‘rtta guruhga ajratilgan.
Tashqi xavflar orasida savdo hamkor mamlakatlar valyutalarining qadrsizlanishi, import narxlarining oshishi, energiya ta’minotidagi uzilishlar va iqlim bilan bog‘liq omillar keltirilgan. Ushbu holatlar inflyatsiyani 0,8% bandga oshirishi, yalpi ichki mahsulot o‘sishini esa 0,25% bandga pasaytirishi mumkinligi qayd etildi.
Ijobiy omillar sifatida oltin narxining oshishi hamda xususiylashtirish va investitsion muhitning yaxshilanishi tilga olindi. Bu omillar inflyatsiyani pasaytiruvchi va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi.
Biroq, oltin narxining keskin pasayishi ssenariysi iqtisodiyot uchun salbiy omil bo‘lishi mumkin. Bu holatda byudjet daromadlarining kamayishi, eksport tushumlarining qisqarishi va valyuta bozoridagi bosimning ortishi kutiladi. Natijada Markaziy bank pul-kredit siyosatini qat’iy darajada davom ettirishi zarur bo‘ladi.
Shuningdek, moliyaviy texnologiyalar rivoji hisobiga kreditlash hajmining oshishi ham inflyatsion xavflarni kuchaytirishi mumkinligi qayd etildi. Bu holatda Markaziy bank makroprudensial choralarni kuchaytirishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ