Ilon Maskning boyligi qariyb $750 mlrdga yetdi
Forbes SpaceX va “Tesla” asoschisi bo‘yicha ko‘p yillik sud jarayonlari yakunlangani ortidan ma’lumotlarni qayta hisoblab chiqdi
Фото: Forbes
“Forbes” jurnalining yangilangan baholariga ko‘ra, “Tesla” va “SpaceX” kompaniyalari egasi Ilon Maskning jami aktivlari $749 mlrdni tashkil etdi.
Avvalroq tahlilchilar tadbirkorning boyligini $677 mlrd deb baholagan edi. Shu tariqa, Mask tarixda boyligi rasman $600 mlrddan oshgan birinchi insonga aylandi. Ko‘rsatkichlarning keskin o‘zgarishi qisqa muddatdagi real daromadlar bilan emas, balki nashr tomonidan aktivlarni baholash metodologiyasi yangilangani bilan izohlanmoqda.
Raqamlarning qayta ko‘rib chiqilishiga Delaver shtati Oliy sudi qarori sabab bo‘ldi. Sud 2018-yilda Maskka berilgan “Tesla” aksiyalari bo‘yicha opsionlar paketini haqiqiy emas deb topgan avvalgi qarorni bekor qildi. Mazkur mukofot hozirda taxminan $139 mlrdga baholanmoqda.
Sud jarayonlari davom etgan davrda tahlilchilar ushbu paket qiymatining faqat yarmisini hisobga olgan. Mojaro tadbirkor foydasiga hal bo‘lgach, opsionlar qiymati to‘liq hajmda reyting hisob-kitoblariga kiritildi.
Ilon Mask kapitalining o‘sish dinamikasi keskinligi bilan ajralib turadi. Xususan, 2021-yil yanvarida uning boyligi $190 mlrd bo‘lgan, o‘sha yilning noyabrida $300 mlrd chegarasidan oshgan. 2024-yil dekabrida $400 mlrd, 2025-yil oktabrida esa $500 mlrdga yetgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ