Markaziy bank mart oyida 20 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘lladi
Prudensial talablarni buzgan va faoliyatini qonunchilikka muvofiqlashtirmagan 17 ta bank ogohlantirildi
Фото: Kapital.uz
O‘zbekiston Markaziy banki Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil mart oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda jami 29 ta masalani ko‘rib chiqib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qildi.
Qo‘mita tomonidan ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 17 ta masala ko‘rib chiqildi. Ular orasida kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ustav fondidagi ulushlarga egalik qilish uchun ruxsat berish, auditorlik sertifikatlarini taqdim etish hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolari nomzodlarini ko‘rib chiqish masalalari bor.
Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala muhokama qilindi. Unda prudensial me’yorlarga rioya etilishi, inspeksiya natijalari hamda moliyaviy xizmatlarni “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish jarayonlari tahlil qilindi. Natijada, prudensial talablarni buzgan va faoliyatini qonunchilikka muvofiqlashtirmagan 17 ta bank ogohlantirildi.
Bundan tashqari, aniqlangan kamchiliklar sabab 20 ta bank, 89 ta mikromoliya tashkiloti va 79 ta lombardga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ