Deputatlar Markaziy bank raisiga parlament so‘rovini yubordi
Ta’kidlanishicha, tijorat banklarida davlat ulushini xususiylashtirish ishlari kechikmoqda

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Qonunchilik palatasining 22-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida deputatlar Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga parlament so‘rovi jo‘natish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Bank sektorini transformatsiya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi Farmoniga asosan 2020–2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi qabul qilingan va bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov o‘z nutqida banklarda davlat ulushi yuqoriligi ta’kidladi.
Tahlillar bugungi kunda bank sektorida davlat ulushi yuqori darajada qolayotganligini ko‘rsatmoqda. “O’zsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Aloqabank” aksiyadorlik tijorat banklarida davlat ulushini xususiylashtirish ancha sust ketayotganligi ko‘zga tashlanmoqda, — dedi u.
2020−2025-yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish strategiyada bir qancha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish belgilangan. Xususan, unda bank tizimi aktivlarining umumiy hajmida davlat ulushi bo‘lmagan banklar aktivlari ulushini joriy 15% dan 2025-yilga kelib 60% gaha oshirish maqsad qilingan.
Biroq, joriy yil 1-iyul holatiga bu ko‘rsatkich 35% ni tashkil qilmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, qo‘mita parlament nazorati to‘g‘risidagi qonunning 14 moddasiga muvofiq, bir qancha savollar bilan Markaziy bankka murojaat qilishni taklif qilmoqda, — dedi deputat.
Deputatlar banklarni transformatsiya qilishdagi bunday holatlar tadbirkorlik subyektlari va aholining zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan talablarini qondirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladilar.
Yangi tashkil etilgan kredit tashkilotlarining asosiy qismi Toshkent shahri va viloyat markazlarida joylashganligi sababli, qishloq hududlarida ularning xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan. Bu esa bank va moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish hamda bunday xizmatlarning barcha aholi punktlarida ko‘rsatilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishini talab etmoqda. Shuningdek, aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bank kartalari orqali firibgarliklarning oldini olishga qaratilgan choralar, xususan bank tizimida zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish hamda axborot xavfsizligini lozim darajada ta’minlash borasida ham tezkor chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, banklarni transformatsiya qilish, tadbirkorlik subyektlari va aholining zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan talablarini qondirish, bank va moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Timur Ishmetovga ushbu masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ