O‘zbekiston Markaziy banki kurs tebranishlarini kengaytirishga ruxsat berdi
Siyosat biznes va aholida yanada realistik kutilmalarni shakllantirishga qaratilgan

O‘zbekiston Markaziy banki ataylab valyuta kursi o‘zgaruvchanligini kuchaytirib, bozor ishtirokchilarida yanada realistik kutilmalarni shakllantirishga intilmoqda. Bu haqda 11-sentabr kuni Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p yillar davomida so‘m kursi tor koridorda ushlab turilgani sababli, biznes va banklarda kurs har yili muayyan foizga oshib boradi degan barqaror kutilma paydo bo‘lgan. Markaziy bank rahbari ta’kidlashicha, bunday qarashlar iqtisodiy agentlarning xatti-harakatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Ishmetov qayd etishicha, yuqori volatillik ushbu andozalarni buzishga yordam beradi va mamlakatdagi dollarizatsiya darajasiga ham ta’sir qilishi mumkin. Aprel o‘rtalaridan buyon so‘m kursi tebranish diapazoni qariyb to‘rt baravar kengaydi. Agar yanvar–aprel oylarida kurs kuniga o‘rtacha 12,2 so‘mga o‘zgargan bo‘lsa, 18-apreldan keyin bu ko‘rsatkich 47,5 so‘mni tashkil qilgan. Yanada moslashuvchan kurs tashqi omillardan kelayotgan zarbalarni yumshatishga va mamlakatning valyuta zaxiralariga tushadigan bosimni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Regulyator raisi iste’mol kreditlarining foiz stavkalari qimmatligiga ham izoh berdi. Ta’kidlanishicha, Direktiv kreditlash ya’ni jami kreditlarni ichida imtiyozli kreditlar ulushi yuqori bo’lishi boshqa kreditlarning foiz stavkalariga ta’sir qiladi. Hozirda bunday kreditlash ulushi 30% ga tushirilgan.
Xuddi shu matbuot anjumanida Timur Ishmetov inflyatsiya masalasiga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ai-80 markali benzin ishlab chiqarish va sotishni to‘xtatish mamlakatda narxlarning o‘sishiga bevosita ta’sir qiladi. Bu omil allaqachon yangilangan prognozlarga kiritilgan va yil yakuniga kelib inflyatsiya 8,7% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich yil boshida taxmin qilinganidan yuqori. Markaziy bank raisi ta’kidlaganidek, benzin inflyatsion bosimning asosiy omillaridan biri bo‘lib, aholining kutilmalariga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ