Markaziy bank notanish qo‘ng‘iroqlarga javob berganda bank kartasidan pul yechilishi haqidagi xabarlarni rad etdi
Shuningdek, qaysi holatlarda noqonuniy pul yechilishi haqida ma’lumot berildi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning notanish telefon raqamlaridan qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob berishi bilan ularning bank kartalaridagi pul mablag‘lari avtomatik tarzda yechib olinayotganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.
Markaziy bank O‘zbekistondagi tijorat banklari hamda to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida xavfsizlik choralari ko‘rilganligi ta’kidlab, ijtimoiy tarmoqlardagi bu mazmundagi xabarni rad etdi.
Regulyatorning ta’kidlashicha, fuqaro tijorat banki yoki to‘lov tashkiloti mobil ilovasidan foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tishda telefon raqamini ko‘rsatadi hamda SMS-xabar shaklida kelgan tasdiqlash kodini kiritadi, shuningdek, o‘z shaxsini tasdiqlash maqsadida qo‘shimcha biometrik identifikatsiyadan o‘tishi lozim. Ro‘yxatdan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqaro mobil ilovada o‘ziga tegishli bank kartasini biriktirish imkoniga ega bo‘ladi.
Mobil ilovaga bank kartasini biriktirishi uchun bank kartasiga ulangan telefon raqamiga bir martalik tasdiqlash kodi (OTR) yuboriladi. Ushbu OTP kod fuqaro tomonidan mobil ilovaga to‘g‘ri kiritilganidan keyingina uning bank kartasi ilovaga biriktiriladi.
Bunda mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tish jarayonida kiritilgan telefon raqami va bank kartasiga SMS-xabarnoma orqali ulangan telefon raqam bir xil bo‘lishi lozim, aks holda bank kartasini ilovaga biriktirish rad etiladi.
Shu bilan birga, tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarida yangi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga nisbatan ilovaga biriktirilgan bank kartalaridan foydalanish 1 soatgacha cheklanadi.
Biroq fuqaro o‘zining mobil ilovadagi akkauntini boshqarish huquqini beruvchi login va parol hamda telefon raqamiga kelgan bir martalik OTP kodni begona shaxslarga (firibgarlarga) berib qo‘ysa yoki messenjerlar orqali tarqalayotgan zararli APK fayllarni mobil qurilmaga o‘rnatsa, uning bank kartasidan noqonuniy ravishda pul yechib olinishi mumkin!
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Markaziy bank aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ