Markaziy bank OneID tizimidagi uzilishlar bo‘yicha vaziyatga izoh berdi
Shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash uchun foydalanuvchilardan OneID orqali ro‘yxatdan o‘tish va rozilik berish talab qilinmoqda
So‘nggi kunlarda tijorat banklarining mobil ilovalarida onlayn mikroqarz olish va mijozlarni identifikatsiya qilish bilan bog‘liq ayrim xizmatlar vaqtincha cheklangani haqida xabarlar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu holat OneID tizimidagi texnik o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Hozirda foydalanuvchilardan shaxsiy ma’lumotlarni boshqa tizimlarga uzatish uchun elektron raqamli imzo (ERI) orqali alohida rozilik berish talab etilmoqda. Ushbu ruxsat berilmaguncha bank tizimlari mijozni to‘liq identifikatsiya qila olmayapti.
Shu sababli kredit rasmiylashtirish, valyuta ayirboshlash, omonat va plastik karta ochish, hisob raqamlarini rasmiylashtirish kabi xizmatlarda vaqtinchalik uzilishlar kuzatilmoqda. Mazkur muammo alohida bankka emas, deyarli barcha tijorat banklariga taalluqlidir.
Ayrim manbalarda cheklovlar 15 mln fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Biroq hozircha bu borada rasmiy tasdiq berilmadi.
Vaziyat yuzasidan Markaziy bank Kapital.uz so’roviga munosabat bildirib, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha choralar ko‘rilgani va fuqarolarga o‘z shaxsiy ma’lumotlarini qaysi tashkilotlarga taqdim etishni mustaqil boshqarish imkoniyati yaratilgani ma’lum qilindi.
Endilikda fuqarolar OneID tizimi orqali o‘z ma’lumotlarini banklar, moliya, sug‘urta va boshqa tashkilotlarga berish yoki cheklash huquqiga ega.
Buning uchun foydalanuvchilar id.egov.uz sayti yoki OneID mobil ilovasi orqali tizimga kirib, ERI, Mobile-ID yoki MyID yordamida “Shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish” bo‘limini faollashtirishi mumkin. Ushbu bo‘limda kerakli tashkilotlarga ruxsat berish yoki cheklash imkoniyati mavjud.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, foydalanuvchi tomonidan zarur rozilik berilgach, bank xizmatlari odatdagi tartibda qayta ishlay boshlaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ