Markaziy bank banklarga mijoz roziligisiz kreditni hisobdan chiqarmaslikka chaqirdi
Xususan, kreditlarni to‘lash uchun ijtimoiy to‘lovlarni ushlab qolish qonun va adolat tamoyillarini buzadi

Markaziy bank aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining bank kartalariga tushgan ijtimoiy to‘lovlarni kredit qarzdorligini qoplash uchun avtomatik ravishda yechib olinayotgani holatlari kuzatilganini ma’lum qildi.
Bunday mablag‘larga davlat tomonidan kam ta’minlangan oilalarga, nogironligi bor shaxslarga, vaqtincha mehnatga layoqatsiz va boshqa ehtiyojmand toifalarga beriladigan nafaqalar va moddiy yordamlar kiradi.
Nazorat organi ta’kidlashicha, bunday harakatlar adolat tamoyillarini buzadi va qonunchilikka zid. O‘zbekiston Konstitutsiyasi va «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, ijtimoiy to‘lovlar fuqarolarning roziligisiz hisobdan chiqarilishi mumkin emas. Bunday amaliyot adolatsiz deb baholanadi.
Markaziy bank barcha kredit tashkilotlariga ijtimoiy to‘lovlarni qarz to‘lovi uchun ruxsatsiz ushlab qolish imkoniyatini bartaraf etish maqsadida ichki tartib-qoidalar va avtomatik hisobdan chiqarish tizimlarini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi.
Fuqarolardan shikoyatlar kelib tushgan taqdirda, moliya muassasalari mablag‘larni hisobdan chiqarishni to‘xtatishi va ushlab qolingan summalarni mijozlarga qaytarishi shart.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ