Endilikda fuqarolar maosh olishda banklarni mustaqil tanlash huquqiga ega bo‘ladi
Markaziy bank yil oxirigacha to‘lovlarni avtomatlashtirish va paketli tranzaksiyalarni joriy etish mexanizmini taqdim etadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston fuqarolariga ish haqi tushadigan bankni shaxsan o‘zlari tanlash huquqi beriladi. Bu haqdagi prezident qarori imzolandi.
Hujjat bilan 2025–2026 yillar uchun fintex-sektorni qo‘llab-quvvatlash strategiyasi tasdiqlandi. Chakana moliyaviy xizmatlar bozorida raqobatni kuchaytirish maqsadida mijozlarni kredit tashkilotlari o‘rtasida majburiy taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi — fuqarolar karta ochishda erkin tanlov huquqiga ega bo‘ladi.
Amaliyotda ish beruvchilar odatda o‘zlari xizmat ko‘rsatayotgan bank orqali maosh to‘laydi: bu yagona to‘lov reyestrlarini shakllantirishga imkon beradi. Texnik jihatdan mablag‘ni boshqa bank kartasiga o‘tkazish mumkin, biroq bunda har bir xodim bo‘yicha alohida operatsiya o‘tkazish talab etiladi, bu esa buxgalteriya ish hajmini oshiradi.
Qarorga muvofiq, ushbu jarayonlarni avtomatlashtiradigan va fuqarolarga bank tanlash imkonini beradigan yangi mexanizm ishlab chiqiladi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov joriy yil dekabr oyiga qadar tegishli choralarni taqdim etishi lozim.
Shuningdek, regulyator rahbari 2026-yil iyuniga qadar Markaziy bank boshqaruvidagi to‘lov tizimlarida ommaviy (paketli) tranzaksiyalarni amalga oshirish funksiyasini joriy etishni ta’minlashi kerak.
Qaror doirasida Markaziy bankka milliy valyutadagi barcha naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun yagona to‘lov “svitch”ini joriy etish topshirig‘i ham berilgan. U orqali barcha operatorlar faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, regulyator 2026-yil fevraliga qadar fuqarolar bank hisobvaraqlari o‘rtasida telefon raqami orqali bevosita o‘tkazmalarni amalga oshirish imkoniyatini yo‘lga qo‘yishi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ