O‘zbekistonda mahsulot va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan tamg‘alashga ruxsat beriladi
Bu haqdagi qaror joriy yilning may oyidan kuchga kiradi
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2025-yil 1-maydan Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti standartlari talablari asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan tamg‘alashga ruxsat beriladi. Bu haqdagi nizomni tasdiqlash haqidagi hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq:
- Mahsulot va xizmatlarning “Halol” talablariga muvofiqligini sertifikatlashtirish tartibi belgilandi;
- “Halol” sertifikatiga ega bo‘lgan mahsulot va xizmatlarning muntazam baholash jarayoni tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organi tashkil etiladi. Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirishda hamda ularga nisbatan talablarni belgilashda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) tomonidan qabul qilingan va rasmiy xalqaro miqyosda e’tirof etilgan standartlarga ustuvorlik huquqi beriladi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan olti oy muddatda agentlik tizimidagi davlat muassasasida tashkil qilinadigan mahsulot va xizmatlatni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini xalqaro tan olingan tashkilotlarni jalb qilgan holda akkreditatsiyadan o‘tkazishi belgilandi. Shuningdek, “Halol” belgisi shakli hamda o‘lchamini belgilaydigan standart loyihani ishlab chiqib, tasdiqlashi lozim.
“Halol” sertifikati – muayyan mahsulot yoki xizmatning “Halol” standarti talablariga muvofiqligini tasdiqlash uchun sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga binoan berilgan hujjat bo‘lib, tarkibida islom qoidalari va me’yorlariga binoan iste’molga ruxsat etilgan “Halol” mahsulot va xizmatlar.
Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ