2026-yilda mahalla infratuzilmasi uchun viloyatlarga 20 trln so‘m beriladi
Mintaqada qulaylik indeksini yuritish maqsadida “Barqaror shahar” platformasi ishga tushiriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trln so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi, deya ma’lum qildi Prezident Mirziyoyev.
Ushbu mablag‘larning har bir so‘mi aholi uchun qo‘shilgan qiymat yaratishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, bu pullar umuman qaysidir tuman uchun emas, balki mahallada ish o‘rinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yo‘naltiriladi. Bu budjet mablag‘larini samarali ishlatishda loyihaviy yondashuv bo‘ladi.
Urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha yangi islohotlar boshlanadi.
Jumladan, shaharlar tartibsiz kengayishining oldini olishda aniq mezonlar belgilanadi va shu orqali ekin maydonlarining asossiz qisqarib ketishiga chek qo‘yiladi. Shuningdek, respublikada ilk bor 45 ta aglomeratsiya hududlari belgilanadi.
Kelgusi yilda “Barqaror shahar” platformasi ishga tushirilib, “yashash uchun qulaylik indeksi”ni yuritish yo‘lga qo‘yiladi. Bu indeks orqali shaharlardagi har bir mahallaga xos muammolar aniqlanib, ularga mos yechimlar beriladi.
Bundan tashqari, 2026-yili “mahallada sanoat va xizmat” loyihasi orqali 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish uchun 5 trln so‘m kredit beriladi.
Kredit foizining milliy valyutada 10% gacha, xorijiy valyutada 4% gacha qismi Tadbirkorlik kompaniyasidan qoplab beriladi. Natijada mahallalarda 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Har bir mahallada 40 tadan mikro loyihani amalga oshirib, 360 ming aholini ishli qilish uchun mahalla bankirlari va hokim yordamchilariga 2026-yilda yana 7,5 trln so‘m resurs ajratiladi.
Yangi yilda mahallalardagi aholini, xususan, xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, buning uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinib, bunga 1 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ