Lukashenko O‘zbekistonga AES qurilishida yordam taklif qildi
Bundan tashqari, Minsk mehnat migrantlari uchun ish o‘rinlari yaratish hamda yangi texnologiyalar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etishni rejalashtirmoqda
Фото: Белта
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va O‘zbekiston elchisi Rahmatulla Nazarov energetika loyihalarida belarus mutaxassislarining ishtiroki hamda o‘zaro savdo hajmini oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Belta xabar berdi.
Minskdagi uchrashuv davomida Lukashenko O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurishda o‘z tajribasi va salohiyatini safarbar etishga tayyorligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Belarus Rossiya bilan hamkorlikda xalqaro obyektlarda atom energetikasi sohasida katta tajriba to‘plagan. O‘zbekiston tomoni vakillariga belarus ekspertlarining imkoniyatlarini batafsil o‘rganish uchun tegishli vazirlik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahatlashuvlar o‘tkazish taklif etildi.
Shuningdek, Belarus rahbari ikki davlat iqtisodiy aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish mumkinligiga ishonch bildirdi. Asosiy moliyaviy maqsad sifatida o‘zaro savdo aylanmasini $2 mlrdga yetkazish ko‘rsatildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi, bu esa mashinasozlik va agrar sohada qo‘shma loyihalarni rivojlantirish imkonini beradi.
Uchrashuvda migratsiya va bandlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Lukashenko Belarusda mehnatkash o‘zbekistonliklarni mamnuniyat bilan qabul qilishlarini va ularni ish bilan ta’minlashga tayyor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, til to‘sig‘ining yo‘qligi hamkorlikni osonlashtiradi, shu bois Minsk nafaqat ish bilan ta’minlash, balki atom energetikasi, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kadrlarni o‘qitish hamda texnologiyalarni keyinchalik uzatishni ham taklif qilmoqda.
Ko‘plab o‘zbeklar bizda yashaydi. Ular yashash va ishlashni xohlaydi. Bu bizning odamlarimiz. Ayniqsa, oilali insonlarni mamnuniyat bilan taklif qilamiz. Afsuski, bizda aholi sonining o‘sishi sizlarnikidek emas. Shuning uchun agar mehnatkash o‘zbekistonliklar bu yerga kelishga qaror qilsa, biz ularni doimo mamnuniyat bilan kutib olamiz, — dedi Lukashenko.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb $855 mlnni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 34,8%ga oshgan. Bunda Belarus tomoni uchun ijobiy savdo saldosi $517 mlndan oshgan. Xizmatlar sohasida 56,1%lik o‘sish qayd etilib, hajm $207,9 mlnni tashkil etdi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda belarus kapitali ishtirokida tashkil etilgan 229 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ