O‘zbekistonlik bo‘lmagan fuqarolar uchun kriptohamyonlar ochishga ruxsat berildi
Ular xorijdan olgan daromadlariga soliq to‘lamaydi, ammo $50 ming to‘lov amalga oshiriladi
Фото: Kapital.uz
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan uchta kriptobirja — Kobea Group, Coinpay va Asterium — endilikda chet elliklarga kriptohamyon ochish huquqiga ega bo‘ldi. Mazkur ro‘yxatni Milliy Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) e’lon qildi.
Bu imkoniyat maxsus soliq rejimi doirasida berilmoqda. Ushbu tartibga ko‘ra, xorijiy fuqarolar O‘zbekistonda kriptobirjalardan birida hisob ochib, respublika tashqarisida olgan daromadlari uchun daromad solig‘idan ozod etiladi.
2024-yil 4-oktabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy fuqarolar uchun maxsus soliq rejimi joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston tashqarisida olingan daromadlar jismoniy shaxslar daromad solig‘iga tortilmaydi.
Rejimda ishtirok etishni istaganlar Soliq qo‘mitasi orqali maxsus komissiyaga ariza topshiradi. Komissiya tarkibiga:
• iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov;
• ILMA direktori Dmitriy Li;
• Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Nodir Saydullayev;
• Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev kiradi.
Ariza ma’qullangach, xorijlik shaxs vakolatli bankda hisob yoki kriptohamyon ochishi hamda $50 ming miqdorida to‘lov amalga oshirishi lozim bo‘ladi. Uning voyaga yetgan oila a’zolari ham ushbu rejimdan foydalana oladi — ular uchun to‘lov summasi $10 ming etib belgilangan.
Kriptohamyonga yoki bank hisobiga tushadigan mablag‘lar avval bank yoki birja tomonidan AML (pul yuvishga qarshi) tekshiruvlaridan o‘tkaziladi.
Hukumat 2025-yil dekabriga qadar ushbu soliq rejimining qo‘llanish tartibini tasdiqlashi kerak. Hujjatda talablar, arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni, imtiyozlarning amal qilish muddati hamda ularni uzaytirish yoki bekor qilish shartlari belgilanadi. Shu bilan birga, Markaziy bank bir oy ichida vakolatli banklar ro‘yxatini shakllantirishi lozim.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ