Korzinka IPO bozoriga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
Zafar Hoshimov O‘zbekistondagi xavflar nazorat qilinadigan darajada deb hisoblaydi

“Anglesey Food” kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov ilk bor Korzinka’ning IPO (aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish) bozoriga chiqish ehtimolini ma’lum qildi. Bu haqda tadbirkor Bloomberg agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Men Korzinka’ni IPO orqali ommaviy bozorga olib chiqish variantini ko‘rib chiqyapman, ammo hozircha aniq muddat belgilanmagan, — dedi Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi.
Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi xavflar nazorat qilinadigan darajada, mamlakatda ro‘y bergan o‘zgarishlar esa qaytmas jarayon sifatida baholanmoqda.
Kompaniya vakillari esa hozirda turli rivojlanish ssenariylari o‘rganilayotganini, shu sababli IPO bo‘yicha aniq izoh berish hali erta ekanini ta’kidlagan.
Joriy haftada Shavkat Mirziyoyev Yangi avlod maxsus sanoat zonasi hududidagi “Anglesey Food” kompaniyasining mahsulotlarni saqlash va taqsimlash markazini borib ko‘rdi.
Korzinka uchun mahsulotlarni saqlash, saralash va qadoqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi markaz 10 gektar maydonni egallaydi, shundan 49 ming kvadrat metrida ombor joylashgan. Qurilish materiallari va muzlatkich kameralar uchun jihozlar Xitoy, Turkiya, Belarus va Rossiyadan keltirilgan.
Loyiha Markaziy Osiyodagi “A” sinfiga kiruvchi eng yirik taqsimot markazi hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida 145 ta darvozada tekislovchi moslamalar yuklash hamda yukni tushirish imkoniga ega. Markazda 4 xil haroratli hudud mavjud.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ