Kommunal xizmatlaridan noqonuniy foydalanganlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Shuningdek, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolati IIB ca FVVga berilishi taklif qilinmoqda

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Qonunchilik palatasining 24-iyundagi majlisida yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishga oid qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
Ta’kidlanishicha, tadbirkorlik subyekti tomonidan elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, tabiiy gazdan yoqilg‘i yoki xom ashyo sifatida foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etilsa javobgarlikka faqat tashkilotlarning mansabdor shaxslari tortilmoqda. Bu borada huquqbuzarlik sodir etgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni esa javobgarlikka tortish asoslari belgilanmagan.
Xususan, 2024-yilda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan energiyani behuda sarflash bilan bog‘liq 17,6 mingta, gazdan yoqilg‘i yoki xom ashyo sifatida foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 7,6 mingta holat aniqlangan.
Bundan tashqari, O‘zenergoinspeksiyaning ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolatlari qonun hujjatlarida aniq belgilab qo‘yilmagan. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga ham ushbu sohada ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berilmagan.
Shundan kelib chiqib, mazkur qonun loyihasi bilan O‘zenergoinspeksiyaning ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirish vakolati aniq belgilanmoqda. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga esa yoritish uchun elektr energiyasidan behuda xo‘jasizlarcha foydalanish huquqbuzarligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolatini berish taklif etilmoqda. Shuningdek, energiya resurslaridan behuda foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkorlar ham ma’muriy huquqbuzarlik subyekti sifatida belgilanmoqda.
Elektr energiyasi, gaz va suv tarmoqlariga qonunga xilof ravishda ulanib, ularni o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Qonun loyihasi bilan nimalar o‘zgaradi?
Jinoyat kodeksidagi elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish uchun belgilangan jarima miqdori oshirilmoqda. Belgilangan ma’muriy jazodan so‘ng takroran sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jazo kuchaytirilmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining bir necha moddalariga qo‘shimcha va aniqlashtiruvchi normalar kiritilmoqda.
Jumladan:
- yakka tartibdagi tadbirkorlarning javobgarligi aniq belgilab qo‘yilmoqda;
- gaz va elektr energiyasidan xo‘jasizlarcha foydalanishga oid huquqbuzarliklar uchun jarimalar oshirilmoqda;
- nazorat organi – O‘zenergoinspeksiyaning vakolatlari aniqlashtirilmoqda;
- ichki ishlar organlari va FVV xodimlariga tegishli vakolatlar berilishi nazarda tutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ