Kogon tumanida $350 mlnlik avtomobil zavodi yoʻlga qoʻyiladi

Loyiha ortidan 80 mingta elektr va gibrid mashina ishlab chiqariladi

Kogon tumanida $350 mlnlik avtomobil zavodi yoʻlga qoʻyiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Yigʻilishda Buxoro viloyatini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari koʻrib chiqildi. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,1 trln soʻmga yetkazib, 9,1% oʻsishga erishish, sanoat hajmini 9,1% ga, qishloq xoʻjaligini 5,9% ga, xizmatlar hajmini esa 20,1%ga oʻstirish vazifalari belgilandi. Ishsizlik va kambagʻallik darajasini 2%gacha qisqartirish, 381,5 ming nafar aholini daromadli qilish nazarda tutilgan.

Shu maqsadda Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, Olot, Peshku, Qorakoʻl, Shofirkon, Gʻijduvon va Qorovulbozor tumanlarini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish boʻyicha manzilli choralar amalga oshirilishi qayd etildi.

Investitsiya va eksport yoʻnalishida 2026-yilda $3,3 mlrdlik xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish, $1,5 mlrdlik eksportni taʼminlash, umumiy qiymati $9,2 lik investitsiya loyihalarini amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Sanoatni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, sanoat tarmoqlari kesimida 61 ta yirik loyiha shakllantirilgan boʻlib, ularning umumiy qiymati $2,2 mlrdni tashkil qiladi. Natijada 18 ming ta yangi ish oʻrni yaratish, aholi jon boshiga sanoat hajmini 25,6 mln soʻmdan 29,6 mln soʻmga yetkazish moʻljallangan.

Xususan, Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati $350 mlnni tashkil etib, 500 ta ish oʻrni yaratiladi.

Shuningdek, Buxoro tumanida pirolizni qayta ishlash orqali benzol, toluol, ksilol, pentan, geksan, bitum va kalsiy xlorid ishlab chiqarish boʻyicha $220 mlnlik loyihani amalga oshirish, Qorovulbozor tumanida $85 mlnlik loyiha asosida AI-91 va AI-92 benzin ishlab chiqarishni kengaytirish, Kogon tumanida qogʻoz va karton mahsulotlari tayyorlashni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Qorovulbozor tumanida yiliga 100 ming tonna mineral oʻgʻit, Kogon tumanida esa gipsokarton ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari ham muhokama qilindi.

Shu bilan birga, 61 ta mavjud sanoat zonasidagi boʻsh yer maydonlarida joylashtiriladigan yangi ishlab chiqarishlar uchun ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Jumladan, Buxoro shahri va Buxoro tumanida oziq-ovqat va mebelchilik, Vobkentda charm va yengil sanoat, Kogon va Qorovulbozorda neft-kimyo, Shofirkon va Peshkuda farmatsevtika hamda oziq-ovqat, Gʻijduvonda qurilish materiallari yoʻnalishlariga ustuvorlik beriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi o‘rinbosari noqonuniy buzilish uchun jarimaga tortildi
/
Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi o‘rinbosari noqonuniy buzilish uchun jarimaga tortildi
Buxorodagi oltita tarixiy obyekt negizida turizm shaharchasini tashkil etilishi rejalashtirilmoqda
/
Buxorodagi oltita tarixiy obyekt negizida turizm shaharchasini tashkil etilishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda dollar kursi o‘sa boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi o‘sa boshladi