O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 6% ga tushiriladi — Mirziyoyev
Qayd etilishicha, o‘tgan yili 7,5 mln aholi kambag‘allikdan chiqarilgan, kambag‘allik darajasi esa 8,9%ni tashkil qilgan

Фото: Пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev yil yakuniga qadar mamlakatda kambag‘allik darajasi 6% gacha kamaytirilishini ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mirziyoyev Namangan shahrida bo’lib o’tayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumidagi nutqida qayd etishicha, o‘tgan yili 7,5 mln aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 2024-yilda 8,9% ga tushirildi. Yil yakunigacha uni 6% gacha kamaytirish maqsad qilingan.
Bunday natijaga erishishda o‘tgan davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yil yakuni bilan jon boshiga daromad $3,5 mingga yetishi muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani o‘zini har tomonlama oqlagan.
Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlash, daromadini oshirish uchun yetarli resurs ajratildi. Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili $2,5-$3 mlrd yo‘naltirilmoqda.
Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30-50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmi joriy qilindi. Bu ishlar 800 ming odamning daromadini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Lider tadbirkorlar ko‘magida tomorqada serdaromad ekinlarni ekish va kafolatli sotib olish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bir so‘z bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030-yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti.
2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor, – dedi Prezident.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ