“John Deere” O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi
Tomonlar yetkazib berish, servis infratuzilmasi va mahalliylashtirish masalalarini muhokama qildi
AQSHning “John Deere” kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Vazir Laziz Kudratov 24-mart kuni korporatsiya vitse-prezidenti Piter Saks bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda milliy agrosanoat majmuasini modernizatsiya qilish hamda qishloq xo‘jaligiga innovatsion yechimlarni joriy etish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Asosiy e‘tibor texnikalar yetkazib berish, servis infratuzilmasini rivojlantirish va ilg‘or raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish masalalariga qaratildi.
Muzokaralar yakunida uzoq muddatli hamkorlikka o‘zaro qiziqish borligi yana bir bor tasdiqlandi.
Tomonlar O‘zbekiston agrar tarmog‘ining samaradorligi va ekologik barqarorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
2025-yilning noyabrida John Deere kompaniyasi O‘zbekistonga $300 mlnlik qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishi ma’lum qilingandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ