Jizzaxda $400 mlnlik O‘zbekiston-Xitoy innovatsion markazi quriladi
2026-yil boshida qurilishi rejalashtirilayotgan markazning birinchi bosqichi uchun 30 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan

Jizzax viloyatida umumiy qiymati $400 mlnga teng bo‘lgan O‘zbekiston-Xitoy innovatsion markazi quriladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati xabar qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Xitoyning yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida uchrashuvlar tashkil qilinib, bir qator yirik investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Vazir dastlab, China Broad Future Tobacco International Import and Export Trading Co. Ltd kompaniyasi bosh ijrochi direktori Fu Bo bilan uchrashdi. Uchrashuvda Xorazm, Samarqand va Toshkent viloyatlarida $150 mln miqdorida investitsiya mablag‘lari hisobiga barpo etilishi rejalashtirilgan, umumiy quvvati 3 ming tonna tamaki mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan zavod loyihasi muhokama qilindi.
Loyiha doirasida 2025-yilda dastlabki ishlab chiqarish bosqichi yo‘lga qo‘yiladi, zavod qurilishi esa 2026-yil boshida boshlanadi. Qurilish uchun 30 gektar maydon ajratiladi, shuningdek, uch viloyatda fermerlar bilan kooperatsiya asosida 2 ming gektarlik ekin maydoni tashkil etiladi, — deyiladi vazirlik xabarida.
Jiangsu World Agricultural Machinery kompaniyasi rahbari Chju Linjun va Aladdin Holdings Group kompaniyasi raisi Yang Jen Tsyan bilan Qashqadaryoda paxta terish kombaynlari va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va yig‘ish zavodi qurish, shuningdek, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 30 ming gektarlik dala maydonlarida Xitoy tajribasiga asoslangan yuqori hosildor paxta yetishtirish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Jizzax viloyatida umumiy qiymati $400 mlnga teng bo‘lgan O‘zbekiston-Xitoy innovatsion markazini qurish bo‘yicha kelishib olindi. Vazirlikning qayd etishicha, ushbu majmua zamonaviy qishloq xo‘jaligi va madaniy-turistik sanoatni rivojlantirishga xizmat qiladi. 2026-yil boshida qurilishi rejalashtirilayotgan markazning birinchi bosqichi uchun 30 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ