Jizzaxda 6 ta hududda turizm majmualari barpo etilishi rejalashtirilmoqda
Shuningdek, prezident Arnasoy aeroportini kengaytirish masalalarini ko'rib chiqmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda hududning iqtisodiy rivoji bilan bir qatorda turizm salohiyatidan samarali foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, Baxmal, Forish, Zafarobod, Sharof Rashidov va G‘allaorol tumanlarining imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Shu bois ushbu 6 ta hududda zamonaviy turizm majmualarini tashkil etish rejalashtirildi.
Shuningdek, Arnasoy aeroportini kengaytirish, xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘yida savdo va servis majmualarini barpo etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bu choralar sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hudud iqtisodiyotiga qo‘shimcha daromad jalb qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda viloyatni kompleks rivojlantirish bo‘yicha 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan rejalar ham belgilandi. Xususan, sanoat va xizmatlar sohasini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish asosiy vazifa sifatida qayd etildi.
Davlat rahbari mutasaddilarga turizm loyihalarini amalga oshirishda infratuzilma, transport va servis xizmatlari sifatiga alohida e’tibor qaratish, barcha tashabbuslarni aholi bandligi va turmush darajasini oshirish bilan bog‘lab olib borish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ