Jennifer Lopesning Toshkentdagi konserti davlatga 42,5 mlrd so‘mlik daromad keltirdi

Shuningdek, poytaxt mehmonxonalarining bandlik darajasi 25,7% ga oshgan

Jennifer Lopesning Toshkentdagi konserti davlatga 42,5 mlrd so‘mlik daromad keltirdi

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 7-avgust kuni “Milliy” (Bunyodkor) stadionida bo‘lib o‘tgan super yulduz Jennifer Lopesning konsertidan Toshkent shahriga 42,5 mlrd so‘mdan ($3,3 mln) ortiq soliq tushumi tushgan. Bu haqda Jamg‘arma Gazetaga ma’lum qildi.

Bu O‘zbekiston tarixida eng mashhur ijrochilarni o‘z ichiga olgan xalqaro tasnifdagi AAA toifasidagi san’atkorning birinchi konserti bo‘ldi. Stadionga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni hisobga olgan holda 31,1 ming kishi tashrif buyurdi. Konsertga 25 ming chipta sotilgan bo‘lsa, uning 67% ini xorijliklar sotib oldi. O‘zbekistonga 15,3 ming nafar xorijiy sayyoh keldi, ulardan 8,9 ming nafari rossiyalik, 2,5 ming nafari qozog‘istonlik, shuningdek, AQSh va yevropalik mehmonlar hisoblanadi.

“O‘zbekiston 24” telekanalining xabar berishicha, chiptalar narxi 1 mln so‘mdan 4,2 mln so‘mgacha farq qilgan. Shu tariqa konsertdan potensial daromad 25 mlrd so‘m ($1,97 mln) dan 105 mlrd so‘m ($8,28 mln) oralig‘ida baholanmoqda.

Jamg‘armaning ta’kidlashicha, konsertni tashkil etish uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilmagan. CA Entertainment chiptalarni sotish uchun javobgar bo‘lgan.

Konsert davomida poytaxt mehmonxonalarining bandlik darajasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25,7% ga oshgan. 7-avgust kuni Chilonzor metro liniyasida yo‘lovchilar oqimi 16,5 ming kishiga ko‘paygan.

Mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida 4 ta bepul avtobus qatnovi tashkil etilgan. Shouni tayyorlash va o‘tkazishda 115 ta tashkilot ishtirok etdi, 18 ta fud-kort va savdo nuqtasi ishlagan.

Biroq soliq tushumlari va konsertdan tushgan daromadlar (aviakompaniyalar, mehmonxonalar, kafe va restoranlar) taqsimoti oshkor etilmadi.

Tartibni saqlash uchun 88 ta yo‘l-patrul xizmati va maxsus texnika, 8 ta tez tibbiy yordam mashinasi, 3,8 ming nafar huquq-tartibot idoralari xodimi, 300 nafar ko‘ngilli va 500 nafar obodonlashtirish xodimi ish olib bordi.

Jamg‘armaning qayd etishicha, konsert avvalgi yirik tadbirlarga nisbatan ancha uyushqoqlik va tartibli o‘tgani O‘zbekistonning jahon miqyosidagi tadbirlarni o‘tkazish borasidagi salohiyati yuqoriligidan dalolat beradi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Shavkat Mirziyoyev bir guruh tadbirkorlarni mukofotladi (ro‘yxat)
/
Shavkat Mirziyoyev bir guruh tadbirkorlarni mukofotladi (ro‘yxat)
O‘zbekiston Afg‘oniston energetika loyihalariga $243 mln sarmoya kiritadi
/
O‘zbekiston Afg‘oniston energetika loyihalariga $243 mln sarmoya kiritadi
Bojxona organlari to‘lovli xizmatlarining yangi tariflari tasdiqlandi
/
Bojxona organlari to‘lovli xizmatlarining yangi tariflari tasdiqlandi