Jahon banki Surxondaryoda yo‘l rekonstruksiyasi uchun $200 mln ajratadi

Mablag' evaziga 5 yilda 91 km yo‘l kengaytiriladi

Jahon banki Surxondaryoda yo‘l rekonstruksiyasi uchun $200 mln ajratadi

2026-yil 23-mart kuni Jahon banki O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida M41 mintaqaviy yo‘lining bir qismini rekonstruksiya qilish uchun $200 mln ajratishni ma’qulladi. Loyiha yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda transport sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladi.

O‘zbekiston transport sektori YAIMning qariyb 8%ini shakllantiradi va bir millionga yaqin aholini ish bilan ta’minlaydi. So‘nggi o‘n yilda mamlakat Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida 129-o‘rindan 88-o‘ringa ko‘tarilgan.

Shu bilan birga, avtomobillar sonining tez o‘sishi mavjud yo‘l infratuzilmasi imkoniyatlaridan oshib ketmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilgacha yuk tashish hajmini qoplash uchun yo‘l sig‘imini qariyb 500%ga kengaytirish talab etiladi.

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Naji Benhassinning ta’kidlashicha, “samarali va xavfsiz yo‘l hamda temir yo‘l tarmoqlarini rivojlantirish O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil hisoblanadi. Jahon banki mamlakatda transport infratuzilmasi va xizmatlarini yaxshilash, shuningdek, sohadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”.

5 yil ichida amalga oshiriladigan ishlar

Besh yillik loyiha doirasida Surxondaryo viloyatidagi M41 yo‘l koridorining 91 km qismi rekonstruksiya qilinadi. Ushbu yo‘l O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston bilan bog‘laydi. Mavjud ikki polosali yo‘l to‘rt polosali avtomagistralga kengaytiriladi.

Loyiha yakunlangach, ushbu yo‘ldan har kuni taxminan 35 ming nafar haydovchi va yo‘lovchi foydalanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, atrof hududlarda yashovchi qariyb 550 ming aholi uchun transport xizmatlari imkoniyati kengayadi, iqtisodiy faollik oshadi hamda yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Loyiha doirasida:

  • yo‘l qoplamasi yaxshilanadi;
  • yo‘l xavfsizligi infratuzilmasi rivojlantiriladi;
  • avtobus bekatlaridan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi;
  • suv toshqinlariga moslashgan qariyb 180 ta ko‘prik va drenaj inshootlari quriladi yoki rekonstruksiya qilinadi.

Mazkur choralar yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlarini kamaytirish, safar vaqtini qisqartirish hamda o‘rtacha tezlikni 65 km/soatdan 90 km/soatgacha oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, loyiha doirasida Transport vazirligi uchun Milliy multimodal transport strategiyasi ishlab chiqiladi. Ushbu hujjat transport infratuzilmasini rivojlantirishda yo‘l xaritasi vazifasini bajaradi va turli transport turlari o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytiradi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda biznes jarayonlari, korporativ boshqaruv, moliyaviy shaffoflik va ESG amaliyotlarini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar amalga oshiriladi. Bu esa kompaniya samaradorligini oshirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Umuman olganda, loyiha transport, savdo va turizm sohalarida yangi ish o‘rinlarini yaratish, yuk va yo‘lovchi oqimini oshirish hamda O‘zbekistonning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda 2026-yil 1-oktabrdan yangi issiqxonalar qurilishi cheklanadi
/
Toshkentda 2026-yil 1-oktabrdan yangi issiqxonalar qurilishi cheklanadi
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi keskin pasaydi
/
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi keskin pasaydi
O‘zbekistonda havaskorlar o‘rtasida ADM Global Golf Tour boshlandi
/
O‘zbekistonda havaskorlar o‘rtasida ADM Global Golf Tour boshlandi