Iyul oyida O‘zbekistonda yillik iste’mol narxlari indeksi 1,6% ga pasaydi
Narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijon viloyatida tushgan

Фото: Kapital.uz
Millit Statistika qo‘mitasi xabariga ko’ra, 2025-yilning iyul oyida yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 108,9% ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning iyul oyiga (110,5%) nisbatan 1,6% bandga pasaygan.
Oy yakunlari bo‘yicha INI 99,8%ni tashkil qilib, 2024-yil dekabr oyiga nisbatan 104%ga yetdi.
Yig‘ma INI o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 2025-yilning yanvar-iyulida 0,6%ni tashkil etdi (2024-yilning mos davrida 0,7% bo‘lgan).
Meva va sabzavot mahsulotlari narxlaridagi o‘zgarishlarni hisobga olmagan holda:
- 2025-yil iyul oyidagi oylik INI 100,5%ni (2024-yil iyulida 100,6%);
- 2025-yil yanvar-iyul oylaridagi yig‘ma INI 105,7%ni (2024-yilning shu davrida 107,4%);
- yillik INI esa 110,2%ni (2024-yil iyulida 112,1%) tashkil etdi.
Oylik INI – ya’ni 2025-yilning iyun oyiga nisbatan narxlar o‘zgarishi – ko‘plab hududlarda pasaygan yoki deyarli o‘zgarmagan. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 99,6%ni tashkil etgan bo‘lsa, bu narxlar biroz arzonlashganini anglatadi. Jizzax, Surxondaryo va Toshkent shahrida ham oylik INI 99,7% bo‘lib, narxlar deyarli o‘zgarishsiz qolgan. Faqat Sirdaryo viloyatida (100,7%) va Samarqand hamda Namangan viloyatlarida (100,1%) narxlarning nisbatan sezilarli o‘sishi qayd etilgan. Bu mavsumiy omillar – ayniqsa meva-sabzavot narxlarining pasayishi fonida yuzaga kelgan.
Yillik INI – ya’ni 2024-yil iyul oyiga nisbatan o‘zgarishlar – 108,2%dan 109,7%gacha bo‘lgan oraliqda bo‘lib, inflyatsiya darajasining yillik kesimda hamon yuqori darajada qolayotganini ko‘rsatadi. Surxondaryo (109,7%), Sirdaryo (109,5%) va Farg‘ona (109,4%) viloyatlarida narxlar eng yuqori sur’atlarda oshgan. Eng past ko‘rsatkich esa Jizzax viloyatida (108,2%) qayd etilgan.
2025-yil iyul oyida, 2024-yilning dekabriga nisbatan:
- Tovarlar bo‘yicha INI 101,8%ni (2024-yil yanvar-iyulida 99,8%);
- Oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha INI 100,6%ni (2024-yil yanvar-iyulida 96,7%);
- Nooziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha INI esa 103,3%ni (2024-yil yanvar-iyulida 104,0%) tashkil etdi.
Xizmatlar bo‘yicha INI 2025 yilning yanvar-iyul oylarida 111,7%ni tashkil etdi (2024-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 121,7% bo‘lgan).
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ