Iyul oyida O‘zbekiston aholisining inflyatsion kutilmalari 12,9% ni tashkil qildi
Narxlar oshishiga asosiy sabab sifatida ko‘pchilik kommunal xizmatlar qimmatlashishi, valyuta kursi o‘zgarishi keltirilgan

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil iyul oyida Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada jami 3,8 ming nafar respondent ishtirok etdi. Aholining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,3% bandga kamayib, 12,9% ni tashkil etdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, narxlarning oshishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida ko‘proq respondentlar kommunal xizmatlar qimmatlashishi, valyuta kursining o‘zgarishi hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishini qayd etishdi. Biroq transport xarajatlari oshishini muhim omil sifatida ko‘rsatganlar ulushi kamaygan.
2025-yil iyul oyida 1,8 ming nafar tadbirkorlik subyekti ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ularning kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,3 % bandga oshib, 12,1% ni tashkil etdi.
Narxlarning oshishiga bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida ish haqi va nafaqalar oshishi, shuningdek, soliq yukining yuqoriligi qayd etilgan tadbirkorlar ulushi ortgan. Aksincha, yoqilg‘i va energiya resurslari narxining oshishi hamda transport xarajatlari ko‘tarilishini muhim omil sifatida belgilagan tadbirkorlar ulushi kamaygan.
2025-yil iyul oyidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining eng yuqori inflyatsion kutilmalari umumiy ovqatlanish va ta’lim sohalari vakillari tomonidan bildirilgan. Kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha eng past kutilmalar esa talabalar hamda savdo sohasi vakillari orasida qayd etilgan.
Tadbirkorlar kesimida esa yuqori inflyatsion kutilmalar umumiy ovqatlanish va qurilish sohalarida faoliyat yuritayotgan korxonalarda kuzatilgan. Eng past kutilmalar esa hunarmandchilik hamda turizm sohalarida qayd etilgan.
Aholi inflyatsion kutilmalarining yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lsa, nisbatan past inflyatsion kutilmalar Buxoro viloyatida istiqomat qilayotgan aholi tomonidan qayd etildi.
Tadbirkorlik subyektlarining yuqori inflyatsion kutilmalari Toshkent viloyatida kuzatilgan bo‘lsa, nisbatan past kutilmalar Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar tomonidan qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ