IT Park rezident kompaniyasi Xitoy bilan $20 mlnlik shartnoma imzoladi
Loyihada “Innotech Solutions” kompaniyasining dasturiy ishlanmalaridan foydalanishni rejalashtirilgan

Foto: IT Park
“Innotech Solutions” kompaniyasi Xitoyning Pekin shahri tarkibidagi Shunyi tumani bilan yirik hamkorlik shartnomasini imzoladi. Bu haqda IT Park matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur kelishuv Xitoy delegatsiyasining Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida erishildi. Tashrif doirasida Shunyi tumani rasmiylari va tadbirkorlari Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov bilan uchrashib, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalar, sanoat va axborot texnologiyalari sohalarida aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashishdi.
Shuningdek, ikki hudud o‘rtasida avtomobilsozlik, elektrotexnika, IT va turizm yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Farg‘ona va Shunyi o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik istiqbolli tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda muhim rol o‘ynashi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Shunyi tarkibiga kiruvchi Mano (Mano) shaharchasi ma’muriyati IT Park rezidenti – “Innotech Solutions” tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy ta’minotdan foydalanish bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Shartnoma qiymati $20 mlnni tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ