2026-yilda minimal iste’mol xarajatlari ilk bor inflyatsiyadan past sur’atda oshirildi

Bandlik vazirligi vakiliga ko'ra, indeksatsiya oziq-ovqat savati tarkibiga asoslanib hisoblangan

2026-yilda minimal iste’mol xarajatlari ilk bor inflyatsiyadan past sur’atda oshirildi

12-mart kuni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi faoliyatining 2025-yil yakunlari hamda 2026-yil rejalari” mavzusidagi matbuot anjumani o‘tkazdi.

Matbuot anjumanida yolg‘iz, uy-joysiz, farzandi bilan ijarada yashayotgan, biroq rasmiy daromadi mavjud ayol misolida kambag‘allik mezonlari qanday amalga oshirilishi so’raldi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayevning aytishicha, O‘zbekistonda kambag‘allik mezonlari Jahon banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan:

Bu minimal iste’mol xarajatlari qiymatini belgilash orqali aniqlanadi. Hozir bu ko‘rsatkich jon boshiga 715 ming so‘m deb e’lon qilingan. Shu daromaddan kam topadigan oilalar kambag‘al toifasiga kiritiladi.

Uning ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, mamlakatda 476 mingta oila kambag‘al toifasiga kiritilgan. Bu taxminan 1,6 mln nafar aholini qamrab oladi.

Faqat rasmiy daromad inobatga olinadimi?

Savol davomida faqat rasmiy ish haqi hisobga olinadimi yoki norasmiy daromadlar ham baholanadimi, degan masala ko‘tarildi. Jo‘rayev bu borada maxsus metodika mavjudligini aytdi:

Daromadga qarab belgilanadi. Norasmiy daromad ham inobatga olinadi. Nominal daromadni hisoblash metodikasi bor, Vazirlar Mahkamasining qarori ham mavjud. Masalan, migratsiyada ishlayotgan oila a’zosi bo‘lsa, unga ham nominal daromad hisoblanadi. Dehqonchilikdan, chorvachilikdan tushgan daromad ham hisobga olinadi.

Uning ta’kidlashicha, bu jarayon to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, “Ijtimoiy reyestr” tizimi orqali yuritiladi.

Marat Jo‘rayev kambag‘allik ro‘yxatini shakllantirishda manfaatlar to‘qnashuvi mavjud emasligi haqidagi savolga quyidagi javob berdi:

Kambag‘allik, “Ijtimoiy reyestr” — bu Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan yuritiladi. Fuqarolarni kiritish va chiqarish ham ular tomonidan amalga oshiriladi. Kambag‘allik darajasini ham vazirlik emas, Statistika agentligi hisoblaydi. Bu manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish uchun qilingan”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlikning vazifasi ro‘yxatni yuritish emas, balki kambag‘al oilalarning daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlarni tashkil etishdir.

Hududlar bo‘yicha farqlash joriy etiladimi?

Anjumanda ishtirok etayotgan jurnalistlardan biri minimal iste’mol xarajatlari barcha hududlar uchun bir xil belgilanganini tanqid qildi. Chunki Toshkent shahri va chekka hududlar o‘rtasida narxlar ham, daromad darajasi ham sezilarli farq qiladi.

Bu savolga javoban Jo‘rayev hududiy differensiyalash ustida ish olib borilayotganini ma’lum qilib:

Bu juda to‘g‘ri masala. Bizda topshiriq ham bor — yil oxirigacha hududlar kesimida minimal iste’mol xarajatlarini differensiyalash. Jahon banki mutaxassislari bilan ishlar olib borilmoqda. Ya’ni kelgusida hududlar kesimida alohida minimal iste’mol ko‘rsatkichlari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan, — deya qo‘shimcha qildi.

Nega indeksatsiya umumiy inflyatsiyadan past?

Jurnalist 2025-yildagi minimal iste’mol xarajatlari 669 ming so‘mdan 715 ming so‘mga oshirilganini, biroq bu o‘sish umumiy inflyatsiya darajasi, ya’ni 7,3% dan past bo‘lganini ham qo’shimcha qilganda, Jo‘rayev bunga quyidagicha izoh berdi:

Minimal iste’mol xarajatlari umumiy inflyatsiya bilan emas, uning tarkibiy qismlari — oziq-ovqat, nooziq-ovqat va xizmatlar inflyatsiyasi asosida indeksatsiya qilinadi. Asosan oziq-ovqat savatiga e’tibor beriladi. Shuning uchun u umumiy inflyatsiya bilan har doim bir xil bo‘lishi shart emas. Birinchi marta indeksatsiya, minimal isteʼmol xarajatlari umumiy inflyatsiya koʻrsatkichidan past boʻldi.

U o‘tgan yillarda ayrim davrlarda minimal iste’mol ko‘rsatkichi inflyatsiyadan yuqori indeksatsiya qilinganini ham eslatdi. Misol uchun, 2023-yilda minimal isteʼmol xarajatlari 14% ga indeksatsiya qilingan, holbuki inflyatsiya koʻrsatkichi oʻsha yili 12,3% boʻlgan. Yoki 2024- yilda 9,3% ga indeksatsiya qilingan, inflyatsiya rasmiy koʻrsatkichi 8,8% boʻlgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi 12 100 so‘mdan pastladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi 12 100 so‘mdan pastladi
Toshkent zamonaviy san’at markazi Time jurnalida dunyoning eng yaxshi joylari ro‘yxatiga kiritildi
/
Toshkent zamonaviy san’at markazi Time jurnalida dunyoning eng yaxshi joylari ro‘yxatiga kiritildi
O‘zbekiston kimyo sanoatiga $9,5 mlrd yo‘naltiriladi
/
O‘zbekiston kimyo sanoatiga $9,5 mlrd yo‘naltiriladi