Toshkentda 2026-yil 1-oktabrdan yangi issiqxonalar qurilishi cheklanadi

Ular bosqichma-bosqich janubiy hududlarga ko‘chiriladi, bunga asosiy sabab sifatida ekologik va iqtisodiy omillar keltirilmoqda

Toshkentda 2026-yil 1-oktabrdan yangi issiqxonalar qurilishi cheklanadi

Toshkent shahri va unga tutash hududlarda 2026-yil 1-oktabrdan boshlab yangi issiqxona majmualarini tashkil etishga cheklov joriy etiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur qaror 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ekologik loyihalar taqdimoti doirasida qabul qilingan bo‘lib, asosiy sabab sifatida issiqxonalar faoliyatining havo sifatiga salbiy ta’siri ko‘rsatildi.

Qayd etilishicha, poytaxt hududidagi aksariyat issiqxonalar isitish uchun ko‘mir va mazutdan foydalanadi. Bu esa azot dioksidi, oltingugurt dioksidi hamda PM2,5 kabi mayda zararli zarrachalarning havoga chiqarilishiga olib kelmoqda.

Shu bilan birga, iqtisodiy jihatlar ham inobatga olingan. Toshkent hududida quyosh nurlanishi past bo‘lgani sababli issiqxona mahsulotlari tannarxi yuqori shakllanadi. Masalan, Toshkent viloyatida 1 tonna issiqxona sabzavotining tannarxi 11,9 mln so‘mni tashkil etsa, Surxondaryoda bu ko‘rsatkich 4,9 mln so‘mga teng.

Issiqxona xo‘jaliklarini janubiy hududlarga ko‘chirish maqsadida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektarlik agropark tashkil etiladi. Hududning iqlimi yumshoq va quyoshli bo‘lgani sababli isitish xarajatlari sezilarli kamayishi kutilmoqda.

Shuningdek, faoliyatini boshqa hududga ko‘chirishga qaror qilgan tadbirkorlarga infratuzilma yaratish, imtiyozli kreditlar ajratish va logistika masalalarida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘zda tutilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Jahon banki Surxondaryoda yo‘l rekonstruksiyasi uchun $200 mln ajratadi
/
Jahon banki Surxondaryoda yo‘l rekonstruksiyasi uchun $200 mln ajratadi
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi keskin pasaydi
/
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi keskin pasaydi
O‘zbekistonda havaskorlar o‘rtasida ADM Global Golf Tour boshlandi
/
O‘zbekistonda havaskorlar o‘rtasida ADM Global Golf Tour boshlandi