O‘zbekistonda muhtoj oilalarga isitish mavsumi uchun 1 mln so‘mdan to‘lanadi
Bir martalik nafaqa noyabr oyida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va mahallalar ro‘yxatlari asosida to‘lanadi

thespruce.com
O‘zbekistonda 2025/2026-yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida noyabr oyida ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining tushuntirishicha, 1 mln so‘m miqdoridagi pulni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan hamda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi oilalar olishi mumkin.
Qo‘shimcha ro‘yxatga qabul qilishda quyidagi toifaga kiruvchi oilalar inobatga olinadi:
- boquvchisini yo‘qotgan oilalar;ti
- I yoki II guruh nogironligi bor shaxslar mavjud oilalar;
- nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan oilalar;
- gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan va markazlashtirilgan isitish tizimi yo‘q bo‘lgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar;
- bir xonadonda 3 va undan ortiq oila birgalikda yashovchi oilalar;
- uzoq muddatli davolanishni talab etuvchi og‘ir kasallikka chalingan shaxslar yashaydigan oilalar;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar.
Ushbu toifalarga mos kelgan ehtiyojmand oila vakillari 25-sentabrga qadar “mahalla yettiligi”ga murojaat qilishi lozim.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ