O‘zbekistonda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi rivojlantiriladi
Xususan, qurilish muddati 3 oydan kam bo‘lgan obyektlarga loyiha qiymatining 30% i miqdorida avans ajratiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“2025–2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligi xabar bermoqda.
2025-yil 1-yanvardan boshlab, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari uchun yangi tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, qurilish muddati 3 oydan kam bo‘lgan obyektlarga birinchi oyda loyiha qiymatining 30% i miqdorida avans to‘lovi ajratiladi. Keyingi to‘lovlar esa belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
2026-yil 1-yanvargacha sinov tariqasida, loyiha-smeta hujjatlarining qiymati BHMning 6 ming baravaridan ortiq bo‘lgan loyihalar bo‘yicha quyidagilar tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi:
- hajm, texnik va smeta qismi (narx qismidan tashqari) – “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DM tomonidan;
- tovar, ish va xizmatlarning narx qismi –“Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan;
- BHMning 6 ming baravarigacha bo‘lgan loyihalar (obyektlar) bo‘yicha shaharsozlik hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DM tomonidan.
2025-yil 1-aprelgacha qurilishi yakunlangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffof tizim joriy etiladi.
2025-yil 1-iyulgacha namunaviy va takroriy qo‘llanadigan loyiha hujjatlari bo‘yicha elektron kataloglarning yaratilishi hamda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga joylashtiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ