O‘zbekistonda hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingi yuritiladi
Ballar elektron platforma orqali hisoblanib, natijalar tahliliy hisobotda yoritiladi

O‘zbekistonda endi reyting ko‘rsatkichlari asosida hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi baholanadi. Hukumat bu haqdagi reglamentni tasdiqladi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.
Unga ko‘ra, reglament reyting ko‘rsatkichlari asosida hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingini baholash tartibini belgilaydi. Reyting 2 yo‘nalishda baholanadi:
- Investitsiya salohiyati. Statistik ko‘rsatkich va subko‘rsatkichlardan iborat bo‘lgan ustuvor omillar va ularning vaznlari asosida hududlar investitsiya salohiyati baholanadi;
- Boshqaruv samaradorligi. Hududlarda tadbirkorlarning so‘rov natijalari orqali ko‘rsatkich va subko‘rsatkichlar asosida boshqaruv samaradorligi baholanadi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi reytingni baholash operatori bo‘lib, qator vazifalarni bajarish uchun mas’ul hisoblanadi. Xususan, tashkilot baholash jarayonini umumiy muvofiqlashtirish, elektron platformani boshqarish, natijalarni taqdim etish bilan shug‘ullanadi.
Reyting ballari 4 ta bosqichda elektron platforma orqali hisoblanadi. Baholash operatori reyting baholash natijalari bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma tayyorlaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ