“International Hotel Tashkent” mehmonxonasi Azimut Hotels boshqaruviga o‘tadi
Mehmonxona nomi “Azimut Grand Hotel Tashkent” ga o‘zgartiladi

Yaqinda xususiylashtirilgan “International Hotel Tashkent” mehmonxonasi Rossiyaning Azimut Hotels tarmog‘i boshqaruviga o‘tadi. Bu haqda “Vedomosti” nashri kompaniya vakiliga tayanib xabar berdi.
Endilikda mehmonxona “Azimut Grand Hotel Tashkent” nomi bilan faoliyat yuritadi. Bu Azimut’ning Markaziy Osiyodagi ilk besh yulduzli, O‘zbekistondagi esa ikkinchi loyihasi bo‘ladi.
Azimut Hotels 2024-yil iyul oyida Toshkentda to‘rt yulduzli mehmonxona ochgan edi. Bu obyekt 3,3 ming kv.metr maydonda joylashgan bo‘lib, 50 ta xona, restoran, fitnes-zal, konferensiya xonasi va avtoturargohni o‘z ichiga oladi. U kompaniya tomonidan boshqarilsa-da, uning bevosita mulki hisoblanmaydi.
Avvalroq Davaktiv agentligi mazkur mehmonxonaning xususiylashtirilgani haqida xabar bergan edi. Savdolarda 4 ta nomzod ishtirok etgan, yakunda $26 mlnlik taklif bilan “Smart Fast Stroy” g‘olib deb topilgan. Shuningdek, kompaniya mehmonxonaning 14,7 mln yevrolik qarz majburiyatini ham zimmasiga olgan. Umumiy sarmoya miqdori $41 mlndan oshishi kutilmoqda.
“Smart Fast Stroy” 2023-yil avgust oyida tashkil etilgan bo‘lib, ustav fondi 311,86 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Qurilish sohasida faoliyat yurituvchi bu kompaniyaning asoschisi — Aleksandr Zaxaryan, rahbari esa Timur Zakirov hisoblanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ