Toshkentda yil oxiriga qadar intellektual transport tizimi ishga tushiriladi

Tizim ma’lumotlarni sun’iy intellekt yordamida yo‘l tirbandligini prognoz qilishi mumkin

Toshkentda yil oxiriga qadar intellektual transport tizimi ishga tushiriladi

Toshkentda yagona Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) boshqaradigan intellektual transport tizimi (ITS) ishga tushirilishi kutilmoqda. Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxt hokimligining takliflarini ma’qulladi va bu yil sinov loyihasini ishga tushirishni buyurdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, loyiha keyingi yillarda kengaytirilishi va 2030-yilga kelib barcha hududlarga integratsiya qilinishi kutilmoqda. Mazkur yondashuvga ko‘ra, shaharlarda harakatni o‘z vaqtida nazorat qilish, tahlilini olib borish va rejalashtirish markazlashgan holda amalga oshiriladi.

Hozirda, O‘zbekistonning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Toshkentda ham transport tizimi (svetoforlar, asfalt, yo‘l belgilari, avtoturargoh, jamoat transporti, yo‘nalishlar, o‘tish joylari, taksilar, trotuarlar, veloyo‘llar, kameralar, avariya tahlili va boshqalar) ko‘plab tashkilotlar tomonidan boshqariladi, ba’zan ularning harakatlari sinxronlashmaydi. Bundan tashqari, soha ko‘plab turli xil huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

YHTEM nima bilan shug‘ullanadi? Taqdimotga ko‘ra, u:

  • transport va piyodalar oqimini tahlil qiladi va modellashtiradi;
  • intellektual transport tizimini (ITS) joriy etadi va boshqaradi;
  • transport master rejasi va tizimini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  • shahar avtoturargohlarini tashkil qiladi;
  • elektromobillarni zaryadlash infratuzilmasini rivojlantiradi;
  • shaxsiy harakatlanish moslamalaridan foydalanishni rag‘batlantiradi va hokazo.

YHTEM boshqaradigan intellektual transport tizimi kameralar, datchiklar va GPS-qurilmalardan to‘plangan ma’lumotlarni, jumladan, sun’iy intellektdan foydalangan holda tahlil qiladi. U statistikani yuritadi va yo‘l tirbandligini prognoz qiladi, marshrutlarni optimallashtiradi, svetofor fazalarini moslashuvchan o‘zgartiradi va yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lgan taqdirda tez yordam xizmatlariga qo‘ng‘iroq qiladi.

Tizimning joriy qilinishi natijasida yo‘llarda transport harakatining o‘rtacha vaqti va favqulodda xizmatlarning YTH joyiga yetib kelish vaqti qisqaradi, asosiy yo‘llardagi tirbandliklar hamda yo‘l-transport hodisalari kamayadi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Xabarda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda poytaxtning asosiy transport yo‘laklariga bosim 2 barobar ko‘paygan va 7−8 balli tirbandliklar odatiy holga aylangan. Jamoat transportidan foydalanish ulushi shaxsiy avtomobillarnikidan kamligicha qolmoqda. Bularning barchasi ekologik holatga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda.

Hokimlik 2024-yil mart oyida prezidentga YHTEM loyihasini taqdim etgandi. O‘shanda poytaxtning deyarli barcha ko‘chalari zamonaviy texnik talablarga javob bermasligi xabar qilingandi. O‘tgan davrda poytaxtda birinchi ekspress avtobus liniyasi va pulli avtoturargoh tizimi, shuningdek, bir qator boshqa loyihalar ishga tushirildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy Osiyo davlatlari 2026-yil uchun suv taqdimotini kelishib oldi
/
Markaziy Osiyo davlatlari 2026-yil uchun suv taqdimotini kelishib oldi
O‘zbekistonda kimyo mahsulotlari eksporti $1 mlrdga yetkaziladi
/
O‘zbekistonda kimyo mahsulotlari eksporti $1 mlrdga yetkaziladi
2026-yildan boshlab QQS tushumlarining bir qismi mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi
/
2026-yildan boshlab QQS tushumlarining bir qismi mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi