Aholi inflyatsion kutilmalari ketma-ket 7 oydan buyon pasaymoqda
Noyabrda aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan kamayib, mos ravishda 11,5% va 10,5% ni tashkil etdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Noyabr oyida aholining yillik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,2% bandga pasayib, 11,5% ni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan noyabr oyi uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalariga bag‘ishlangan sharhida aytiladi.
Aholining inflyatsion kutilmalari ketma-ket sakkiz oydan beri barqaror pasayish tendensiyasini namoyon qilmoqda. Bunda valyuta kursining o‘zgarishi, monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi hamda transport xarajatlari oshishi bilan bog‘liq xavotirlarning pasaygani muhim rol o‘ynadi.

Yil boshidan beri aholi va tadbirkorlik subyektlari orasida kommunal xizmatlar va yonilg‘i-energiya narxlarining oshishi bilan bog‘liq xavotirlar yuqori saqlanib qoldi. So‘nggi oylarda yonilg‘i-energiya narxlari o‘sishining inflyatsiyaga ta’siri aholini kamroq tashvishga sola boshladi, kommunal xizmatlarning qimmatlashishi bo‘yicha xavotirlar noyabr oyida nisbatan kuchaydi. So‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishi fonida valyuta kursining o‘zgarishi bo‘yicha xavotirlar pasayishda davom etmoqda.

Noyabr oyida tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari ham o‘tgan oyga nisbatan 0,6% bandga sekinlashib, 10,5% ni tashkil etdi. Biznes vakillarining inflyatsion kutilmalari avgust oyidan beri barqaror pasayib kelmoqda.
Biznes vakillari nuqtai nazaridan kommunal xizmatlar, yonilg‘i-energiya narxarining qimmatlashishi inflyatsiyaga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida saqlanib qolmoqda. Ayni paytda, yonilg‘i-energiya va transport xarajatlarining o‘sishi bo‘yicha xavotirlar noyabr oyida nisbatan pasaygan. Sentabr oyidan tadbirkorlarning xomashyo narxlari oshishi bo‘yicha xavotirlari kuchaydi, noyabr oyida nisbatan barqarorlashdi. Ayni paytda, ish haqi va nafaqalar, shuningdek, dollar kursining oshishi, soliq yukining yuqoriligini ta’kidlaganlar ulushi barqaror pasayib kelmoqda.

Aholi orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar maishiy xizmatlar sohasi xodimlari tomonidan bildirilgan bo‘lsa, nisbatan past kutilmalar umumiy ovqatlanish sohasi vakillari tomonidan qayd etildi.
Daromadlari 4 mln so‘mdan yuqori (o‘tgan oyda — 7 mln so‘m) bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari nisbatan yuqori darajada shakllangan.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, inflyatsion kutilmalarning yuqori ko‘rsatkichi Toshkent (aholi) va Samarqand viloyatlarida (tadbirkorlar) kuzatilgan. Nisbatan past kutilmalar darajasi Toshkent shahri, Xorazm viloyati (aholi) hamda Buxoro viloyatiga (tadbirkorlar) to‘g‘ri keladi.
Noyabr oyida inflyatsiyaning pasayish dinamikasi davom etib, yillik 7,5% ga teng bo‘ldi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy bank inflyatsiyani 7,3% atrofida prognoz qilmoqda, bu avvalgi hisob-kitoblardan past.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ