Koreya kompaniyasi bilan Urganch aeroportini boshqarish bo‘yicha bitim imzolandi
Loyihaning umumiy qiymati $223 mln bo‘lib, modernizatsiya ishlari 2027-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan

Foto: Uzbekistan Airports
15-oktabr kuni Toshkent shahrida Uzbekistan Airports, Urganch xalqaro aeroporti va Incheon International Airport Corporation (Janubiy Koreya) Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Shartnoma aeroportni modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi. Xususiy sherik yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish va boshqarish, shu jumladan, yerga xizmat koʻrsatish uchun javobgar bo‘ladi. Davlat sherigi aerodrom majmuasini (uchish va qo‘nish yo‘lagi hamda perron) qurish va boshqarish uchun javobgar bo‘ladi.
Loyihaning umumiy qiymati $223 mln bo‘lib, uning doirasida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yo‘lovchi va yuk terminallari qurish, “ICAO” talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari o‘rnatish, maxsus texnikalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.
Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025−2027-yillar davomida amalga oshiriladi. Bularning natijasida aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga yetib, soatiga 1,3 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvati yaratiladi.
Incheon International Airport Corporation bilan hamkorlik O‘zbekiston aeroportlari infratuzilmasi rivojida yangi sahifa ochmoqda. Janubiy koreyalik hamkasblarimizning dunyoning eng yaxshi aeroportlaridan birini boshqarish bo‘yicha tajribasi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va mamlakatimizning tranzit salohiyatini mustahkamlash uchun zamin yaratadi, — dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Javlonbek Umarxo‘jayev.
2024-yilning 1-avgustida “Qurish, boshqarish va topshirish” (BOT) modelidan foydalangan holda loyiha bo‘yicha tender e’lon qilingandi. Ikki bosqichda o‘tkazilgan tanlov natijasida idoralararo tender komissiyasi Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasini g‘olib deb topgandi.
Eslatib o‘tamiz, Incheon International Airport Corporation Toshkent viloyatidagi Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishida ham xususiy hamkor (Saudiya Arabistonining Vision Invest va Yaponiyaning Sojitz kompaniyalari bilan birga) hisoblanadi. Shu kunning o‘zida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida qurilish ishlari boshlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ